20:52 / 10.05.2021
17787

Quvalik yigit profilaktika inspektori «suhbati»dan chiqqanidan keyin vafot etgani bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atish rad qilindi

Quvalik 20 yashar Ahror Anvarovning o‘limi yuzasidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida to‘plangan dalillar asosida mazkur hodisada jinoyat tarkibi yo‘q deb topilgan.

Natijada JPKning 83-moddasi 2-bandiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish haqida qaror qabul qilingan. Bu haqda Kun.uz'ga Bosh prokuratura matbuot xizmati ma'lum qildi.

Farg‘ona viloyatining Quva tumanida 20 yoshli Ahror Anvarov shu yilning 31 mart kuni tibbiy niqob taqmasdan ko‘chada yurgani uchun o‘zi yashaydigan mahalla tayanch punktida profilaktika inspektorlari tomonidan so‘roq qilinadi. Muloqot silliq kechmagan, tomonlar tortishib qolgan, natijada fuqaroning kurtkasi yirtilgan. Shundan so‘ng yigit uch nafar ichki ishlar xodimi tomonidan majburan mashinaga o‘tqizilib, mahalla profilaktika inspektorining xizmat xonasiga olib ketiladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda «Ahror Anvarovning tuman IIB binosidan o‘ligi chiqqani» haqida xabarlar tarqaldi. Kun.uz surishtiruvi davomida quvalik yigitning IIB binosida qazo qilgani o‘z tasdig‘ini topmadi. Marhumning amakivachchasi Lutfiyor Xalilov «uchastkavoy» xonasida bo‘lib o‘tgan suhbatda xodimlar tushuntirish ishlari bilan cheklanishgani, holat yuzasidan bayonnoma tuzilmagani, tomonlar kelishib o‘z uyiga tarqalganini aytgan.

Ushbu voqeadan ikki kun o‘tib, 2 aprel kuni Ahror Anvarov vafot etadi. Qarindoshining so‘zlariga ko‘ra, u sexidagi ustalarga ovqat olib borib bergach, u yerdan piyoda qaytayotganda birdan salomatligi yomonlashib, yiqilib tushgan. Birinchi yordam ko‘rsatilayotgan vaqtda Ahrorning joni uzilgan.

Holat yuzasidan rasmiy bayonot bergan IIV matbuot xizmati rahbari Shohrux G‘iyosov marhumga IIB binosida jarohat yetkazilgani haqidagi xabarlarni rad etgandi.

Mazkur bayonotda birlamchi tashxisga ko‘ra Ahror Anvarovning o‘limiga o‘tkir yurak-o‘pka yetishmovchiligi, yurak ishemik kasalligi, ikki tomonlama buyraklar polikistozi sabab bo‘lgani aytilgan, aynan mana shu tashxis internet foydalanuvchilari o‘rtasida ko‘plab savollarni keltirib chiqargan edi.

Bosh prokuratura axborotiga ko‘ra, viloyat prokuraturasi tomonidan hodisa joyi va Ahror Anvarovning murdasi Quva tuman prokurori rahbarligidagi tezkor-tergov guruhi tomonidan kriminalistik texnika vositalari yordamida ko‘zdan kechirilib, tegishli protsessual hujjatlar rasmiylashtirilgan.

Sudga oid tibbiy ekspertizasining 2021 yil 29 apreldagi 155-sonli xulosasida Ahror Anvarovning o‘limiga «yurak toj qon tomirlari aterosklerozi va yurak o‘tkir ishemik kasalligi oqibatida yuzaga kelgan o‘tkir koronar yetishmovchiligi» natijasida vujudga kelgani qayd etilgan.

«Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida A.Anvarovning yaqin qarindoshlari, oila a'zolarilari, qo‘ni-qo‘shnilari, hodisa guvohlari va u bilan oxirgi marotaba muloqotda bo‘lgan jami 26 nafar shaxsdan tushuntirish xatlari olinganida, ular tomonidan biron-bir jinoyat yoki shubhali holatlar to‘g‘risida ko‘rsatmalar berilmagan», – deya ta'kidlanadi viloyat prokuraturasi xulosasida.

Qayd etilishicha, holat bo‘yicha internet orqali tarqalgan ma'lumotlarning haqqoniyligi va boshqa holatlar yuzasidan 2021 yil 3 aprelda tuman IIB xodimlari va shifokorlarning harakatlari yuzasidan prokuratura organlari tomonidan xizmat tekshiruvlari o‘tkazilgan. Tekshiruv davomida IIBning 3 nafar profilaktika inspektori A.Anvarov bilan uning otasi Yo.Xalilov hamda 2 nafar amakilari A.Xalilov hamda U.Xalilovlar ishtirokida karantin qoidalariga rioya etilishi yuzasidan profilaktik suhbat o‘tkazilgani, ularga nisbatan IIB xodimlari tomonidan jismoniy va ruhiy tazyiqlar o‘tkazilmagani keltiriladi.

Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida to‘plangan dalillarga ko‘ra, A.Anvarov vafot etgani holatida jinoyat tarkibi bo‘lmagani sababli Quva tuman prokuraturasi tergovchisi Z.Karimov tomonidan 2021 yil 30 aprelda JPKning 83-moddasi 2-bandiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish haqida qaror qabul qilingan.

Qabul qilingan qaror va tekshirish materiali viloyat prokuraturasi tomonidan nazorat tartibida ko‘rib chiqilib, 2021 yil 1 mayda qarorning qonuniyligi yuzasidan xulosa qilingan.

Top