O‘zbekiston rahbari Qirg‘iziston prezidentining davlat tashrifi tarixiy voqea bo‘lgani va mamlakatlarimiz ko‘p qirrali hamkorligida yangi davrni boshlab berganini ta’kidladi. Ochiq, konstruktiv va do‘stona ruhda o‘tgan muzokaralar yakunlari katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Kelgusida o‘zaro hamkorlikni yanada yuqori bosqichiga ko‘tarish uchun asos bo‘lib xizmat qiladigan keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va kengaytirish to‘g‘risidagi qo‘shma bayonot asosiy siyosiy hujjat bo‘ldi.
Prezidentlar raisligidagi Davlatlararo kengash tuzish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Yetakchilar bundan buyon ham parlamentlar, hukumatlar, tashqi siyosat idoralari, tarmoq vazirliklari, hududlar, ishbilarmon va jamoatchilik doiralari darajasida yaqin siyosiy muloqotni rivojlantirish va faol aloqalarni davom ettirishga kelishib oldilar.
Tomonlar mintaqaviy va xalqaro platformalar, jumladan, BMT, ShHT, MDH, Turkiy davlatlar tashkiloti, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari va boshqa formatlardagi tashabbuslarni o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettiradilar.
Mirziyoyev O‘zbekiston-Qirg‘iziston hamkorligining yangi keng qamrovli iqtisodiy kun tartibini shakllantirish muhimligini ta’kidladi.
Shu maqsadda o‘zaro savdo hajmini oshirish dasturi qabul qilindi. Bundan tashqari, mamlakatlar poytaxtida savdo uylari tashkil etiladi, yaqin yillarda tovar ayirboshlash hajmini 2 milliard dollarga yetkazish uchun uzoq muddatli eksport-import shartnomalari portfeli tayyorlanadi.
Eksportni qo‘llab-quvvatlash va sertifikatlarni tan olish vositalari joriy etiladi, meva-sabzavot va chorvachilik mahsulotlari uchun «yashil yo‘lak» ishga tushiriladi.
Yetakchilar sanoat kooperatsiyasida, eng avvalo, ikki mamlakat iqtisodiyotining bir-birini to‘ldiradigan tarmoqlarida yangi o‘sish nuqtalarini yaratish masalalariga alohida to‘xtaldilar. Bular energetika, avtomobilsozlik, transport va logistika, elektrotexnika, to‘qimachilik, agrosanoat va boshqa tarmoqlardagi loyihalardir.
Bugun Farg‘ona va Namangan viloyatlarida quyosh stansiyalarini qurish, Chuy viloyatida avtomobillar, Qora-Baltada to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha muhim loyihalarga start berildi. Bunday loyihalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekiston-Qirg‘iziston taraqqiyot jamg‘armasining ustav kapitalini 200 million dollarga yetkazishga qaror qilindi.

















