Video-audio materiallardan tushunish mumkinki, Ayupxan Alimov degan shaxs fermerlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri bosim qilib keladi.

Alimov fermerlardan “paxta dalalarida bitta ham begona o‘t ko‘rmaslik”ni va “kultivatsiya jarayonlari amalga oshirilgan bo‘lishi”ni talab qilgan. Xatoga yo‘l qo‘ygan fermerlar ichki ishlar idoralari va prokuraturada “gaplashish” bilan qo‘rqitilgan.

“Tegishli idoralar rahbarlari “Sharof Rashidov” suv iste’molchilar uyushmasi (SIU)ga jalb qilinadi. Bittalab chig‘iriqdan o‘tkaziladi. Har bir kontur, har bir metr joy tekshiriladi. Tuman hokimi, prokurori, ichki ishlar boshlig‘ining topshirig‘ini zudlik bilan bajarishimiz kerak. Sektorni orqaga tortayotgan qaysi fermer bo‘lsang ham farqi yo‘q, kim bo‘lishingdan qat’i nazar ichki ishlar rahbarining oldida javob berasan.

IIB binosining ichida “razvod”dan keyin yig‘ilish bo‘ladi. Ertalab ham, kechqurun ham, har kuni yig‘ilish bo‘ladi. Ichki ishlar rahbarining topshirig‘i bo‘ldi. “Ayupxon aka, olib keling bularni” deb topshiriq berdi. Kunlik “svodka”ni berasanlar. Tinchlik bermayman senlarga!” deydi u.

Alimov yana bir audiosida hamma paxta shtabiga olib keltirilib, yo u yoqli, yo bu yoqli qilinishini aytgan. Viloyat ishchi guruhi tekshirayotganini bahona qilib, “agrotexnik tadbirlarni amalga oshirmaganlarni javobgarlikka torttiraman”, deya tahdid qilgan.

Boshqa bir holatda Alimov fermerlarni pilla shtabiga majburiy olib keltirishi bilan qo‘rqitgan. Kelmaganlarni ichki ishlar xodimlari borib olib kelishini aytgan. Hudud raislari “kallasi” bilan javob berishini ta’kidlagan.

Ayupxon Alimov bunday tahdidlarni muntazam qilib kelganini uning barcha “chiqishlari”dan anglash mumkin. Hatto u bevosita videomurojaat orqali fermerlarga bosim qilgan. Uning chiqishlarida fermerlarni huquq-tartibot idoralariga olib borish, javobgarlikka torttirish va yer ijara shartnomasini bekor qilishga bevosita ishoralar bor.

Alimov barcha gaplarini go‘yoki Denov hokimi, prokurori va ichki ishlar boshlig‘ining da’vati sifatida fermerlarga singdirishga urinib kelgan.

Denov tuman hokimining qishloq xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosari Iskandar Saidahmedov bilan telefon orqali bog‘landik. U Ayupxon Alimovning tumandagi “Sharof Rashidov” SIU raisi ekanini ma’lum qildi. Shu bilan birga, Denov hokimi va prokurori Alimovga tumandagi fermerlarning noqonuniy xatti-harakatlari ustidan nazorat qilish vakolatini ham bergan ekan. Hokim o‘rinbosari bir necha marta Alimov bilan tortishib qolgani, fermerlarga haddidan oshib muomala qilgani uchun ogohlantirganini bildirdi.