Tahririyatga murojaat qilgan Toshkent shahri, Chilonzor tumani, Muqimiy ko‘chasi, “Novza” turar joy majmuasida yashovchi fuqarolar 20V-uyning yerto‘lasi va birinchi qavatida joylashgan “MYaTA” kafe-restorani faoliyati ustidan bir nechta idoralarga qayta-qayta murojaat qilgani, ammo natijadan darak yo‘qligini bildirdi.

Murojaatchilarning so‘zlariga ko‘ra, “MYaTA” kafe-restoran deb atalgan bo‘lsa-da, u o‘z faoliyatini tungi klub sifatida olib bormoqda va u yerda qo‘yiladigan musiqaning shovqini hamda boshqa holatlardan ko‘p qavatli uyda yashovchilar aziyat chekmoqda.

Restoran aholining tinchini buzib, kechasi ham, kunduzi ham baland shovqin ko‘tarib faoliyat yuritib kelayotganiga mutlaqo qarshimiz. Tungi klub atrofida va ichida yengiltak ayollar yig‘ilyapti, jamiyatda yurish-turish qoidalari buzib kelinyapti.

Noqonuniy harakatlarni to‘xtatishni so‘rab, kafe-restoranning ma’muriyatiga qilgan murojaatlarimiz befoyda bo‘ldi. Bundan tashqari, bir necha bor “102” raqami orqali ichki ishlar organlariga qilgan murojaatlarimiz ham befarq qoldirilmoqda”, – deyiladi jamoaviy murojaatda.

Kun.uz'ga taqdim etilgan materiallarda kafe-restoran rostdan ham kun-u tun faoliyat yuritib kelgani, undan chiqayotgan shovqin turar joy majmuasining yuqori qavatlariga ham yetayotganiga guvoh bo‘lish mumkin.

Shuningdek, videotasvirlarda yarim tunda kafe-restoran tashqarisida to‘plangan mijozlarning janjal ko‘targani, ko‘p qavatli uy yonginasida unda yashovchilarga xavf tug‘dirib mushakbozlik qilingani, turli uyatsiz harakatlar sodir etilgani ko‘rinadi.

Vazirlar Mahkamasining 2000 yil 24 yanvardagi 22-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ko‘p kvartirali uylardagi yashash uchun mo‘ljallanmagan joylardan foydalanish tartibi to‘g‘risida”gi nizomning 12-bandida mulkdor yoki ijaraga oluvchilarga soat 23:00 dan boshlab soat 8:00 gacha yashovchilarning tinchligini buzuvchi shovqin chiqaruvchi qurilmalardan foydalanish taqiqlangan. Ushbu bandga ko‘ra, nafaqat tunda, balki kunduzi ham qattiq shovqin va tebranish hosil qiluvchi, fuqarolarning normal hayot faoliyatiga xalaqit beruvchi ishlarni bajarish taqiqlanishi belgilangan.