Bundan bir kun oldin Rossiya prezidenti BAA va Saudiya Arabistoni yetakchilari bilan uchrashuvlar o‘tkazgandi.

Erondagi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari Rossiya prezidenti Raisiyning Moskvaga kelishidan xabardor bo‘lganiga shubha qilib, eronliklar yetakchisi Kremlga «o‘zini o‘zi taklif qilgan» bo‘lishi mumkinligini qo‘shimcha qilishgan.

BBC rus xizmati Raisiy Putin bilan nimalarni gaplashgani va uning Moskvaga tashrifi Eronning o‘zida qanday qabul qilingani haqida yozdi.

Putin va Raisiy nimalarni gaplashdi?

Vladimir Putin va Ibrohim Raisiy Yaqin Sharqdagi vaziyatni muhokama etishgan. Eron yetakchisi G‘azo sektorida bo‘layotgan hodisalarni falastinliklarning g‘arb qo‘llab-quvvatlovida «genotsid» qilinishi deb atagan.

Eron tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon tvitterdagi sahifasida yozishicha, «tomonlar G‘azo va G‘arbiy sohildagi urush va genotsidga zudlik bilan chek qo‘yish, sektor aholisining majburiy ko‘chirilishini to‘xtatish va butun G‘azoga insonparvarlik yordamlari yoppasiga yetkazib berilishi uchun Rafahdagi chegarani zudlik bilan ochish zarurligini qayd etishgan».

Raisiy va Putin iqtisodiy hamkorlikni ham muhokama qilishgan. Putin Rossiya va Eron o‘rtasida savdo aylanmasi hajmi so‘nggi yilda 20 foizga oshib, 5 mlrd dollarga yetganini aytgan.

Uchrashuv boshidagi so‘zlarida ularning ikkisi ham mamlakatlar o‘rtasida harbiy hamkorlik kuchayib borayotganini tilga olishmagan. AQSh va uning ittifoqchilari esa bu haqda tez-tez eslatib turishadi — xususan, Eron Rossiyaga Shahed 131/136 rusumli minglab dronlar yetkazib bergan va ular Ukrainaga zarbalar berishda faol qo‘llanmoqda.

Keyinroq Rossiyaning o‘zida, Yelabuga shahrida ham xuddi shunday uchuvchisiz uchar qurilmalar yoki ularning takomillashtirilgan variantlarini ishlab chiqish yo‘lga qo‘yildi. Eron Rossiyaga tayyor «shahidlar» yetkazib berishda davom etayotgani va Rossiyada yig‘ilayotgan apparatlar qay darajada Eron tarkibiy qismlaridan iboratligi ma’lum emas.

O‘tgan haftada Eron Rossiyaning Su-35 rusumli zamonaviy qiruvchi samolyotlari va Mi-28 jangovar vertolyotlarini xarid qilish jarayonida ekani xabar qilindi.

Putin Raisiyning Moskvaga tashrifi haqida bilganmi?