O‘zbekistonda «paxta ishi» va qo‘shib yozishlar hamon davom etmoqda. Xususan, Kun.uz tahririyatiga kelib tushgan ma'lumot, respublikaning Surxondaryo, Farg‘ona, Toshkent, Jizzax, Namangan va Andijon viloyatlarida «Paxta-2019» mavsumida yirik miqdorda ko‘zbo‘yamachiliklar bo‘lganini ko‘rsatmoqda. Jumladan, Surxondaryo viloyatidagi 7ta mas'uliyati cheklangan jamiyatlarda umuman qabul qilinmagan 22,3 ming tonna oq-oltin «qabul qilingani» haqida hisobot berilgan.

Kun.uz tahririyati ixtiyoriga Davlat statistika qo‘mitasiga yo‘llangan xat nusxasi kelib tushdi. Unda O‘zbekistonda 2019 yilgi paxta hosili yig‘im-terim mavsumiga doir hisobotida qo‘shib yozishlarga yo‘l qo‘yilgani haqida so‘z boradi.

Jumladan, xatda shunday deyiladi:

«...37ta paxta tozalash korxonalari, 76ta paxta to‘qimachilik ishlab chiqarishlari va klasterlari hamda 7ta mas'uliyati cheklangan jamiyatda 2019 yil hosilidan qabul qilingan paxta xomashyosi statistik hisobotlar va mavjud hujjatlarga muvofiqligi yuzasidan nazorat tadbirlari o‘tkazildi. Nazorat tadbirlarida paxta tozalash korxonalari hamda paxta to‘qimachilik ishlab chiqarishlari va klasterlarining statistik hisobotlarida 2019 yil 1 dekabr holatiga qabul qilingan paxta xomashyosining miqdori 2 mln 830,3 ming tonnani gashkil etgan yoki Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 22 dekabrdagi «2019 yilda navlari bo‘yicha joylashtirgan va paxta xomashyosi yetishtirishning prognoz hajmlari to‘g‘risida»gi 1037-sonli qarori bilan tasdiqlangan 2 mln 958 ming tonna prognoz hajmlariga nisbatan 95,7 foizga bajarilgan. Shundan paxta tozalash korxonalariga 775 ming tonna, paxta to‘qimachilik ishlab chiqarishlari va klasterlariga 2 mln 33 ming tonna hamda mas'uliyati cheklangan jamiyatlarga 22,3 ming tonna to‘g‘ri kelgan.

O‘tkazilgan nazorat tadbirlari natijasida haqiqatda qabul qilingan paxta xomashyosinnig miqdori 2 mln 697,1 ming tonnani tashkil etgan bo‘lib, shundan paxta tozalash korxonalariga 775 ming tonna hamda paxta to‘qimachilik ishlab chiqarishlari va klasterlariga 1 mln 922,2 ming tonna to‘g‘ri keldi.

Paxta to‘qimachilik ishlab chiqarishlari va klasterlari hamda mas'uliyati cheklangan jamiyatlari tomonidan qabul qilingan paxta xomashyosi miqdorining statistik hisobotlarida qabul qilingan paxta xomashyosiga nisbatan 142,9 ming tonnaga (4,5 foiz) ko‘p qo‘shib ko‘rsatilib kelingan. Shundan 120,6 ming tonnasi paxta ishlab chiqarishlari va klasterlari tomonidan ko‘rsatilgan bo‘lsa, 22,3 ming tonna umuman paxta xomashyosi qabul qilmagan Surxondaryo viloyatidagi 7ta mas'uliyati cheklangan jamiyatlariga to‘g‘ri keladi.