O‘zbekiston | 10:10 / 03.05.2024
2910
2 daqiqa o‘qiladi

Xorazmda Eron korxonalari uchun alohida sanoat zonasi tashkil etilyapti

Tehronda O‘zbekiston va Eron ishbilarmon doira vakillari ishtirokida biznes-forum o‘tkazildi.

Foto: "Dunyo" AA

O‘zbekiston ishbilarmon doira vakillari 27 aprel-1 may kunlari Tehronda bo‘lib o‘tgan Iran Expo-2024 xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo".

Ushbu ko‘rgazma davomida O‘zbekiston va Eron ishbilarmon doira vakillari ishtirokida biznes-forum o‘tkazildi. Unda Eron Savdo-sanoat palatasi, Eron-O‘zbekiston qo‘shma savdo palatasi, Eron Savdoni rivojlantirish tashkiloti rahbariyati, shuningdek, 80 dan ortiq mahalliy kompaniya vakillari va O‘zbekistonning 50 dan ortiq korxonalari rahbarlari qatnashdi.

O‘zbekiston elchisi Fariddin Nasriyev forumdagi nutqida ikki mamlakat o‘rtasida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish maqsadida Xorazm viloyatida Eron korxonalari uchun alohida sanoat zonasi tashkil etilayotganini bildirdi. U eronlik tadbirkorlarni ushbu sanoat zonasiga turli sohalarda o‘z loyihalarini amalga oshirishga taklif qildi.

Eron Savdo-sanoat palatasi rahbariyati ayni paytda davlatlar o‘rtasidagi savdo aylanmasi mavjud salohiyatga javob bermasligini va o‘zaro savdoni 1 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha barcha imkoniyatlar borligini ta’kidladi.

Biznes-forum doirasida ikki mamlakat kompaniyalari va ishbilarmon doira vakillari o‘rtasida B2V shakligi muzokaralar uyushtirildi. Muzokaralar natijasida tomonlar o‘zaro manfaatli kelishuvlarga erishdi.

Mavzuga oid