O‘zbekiston | 16:30 / 25.08.2023
65708
4 daqiqa o‘qiladi

Prezident administratsiyasida yangi tayinlovlar amalga oshirildi

Shuhrat G‘aniyev va Doniyor Qodirov prezident maslahatchilariga aylandi. Bungacha prezident maslahatchisi bo‘lgan Odil Abdurahmonov departamentga rahbar bo‘ldi, prezident maslahatchisi o‘rinbosari Qahramon Quronboyevga ham alohida departament rahbarligi berildi.

Olti nafar maslahatchi lavozimi qayta tashkil etilgan, shuningdek oltita departament tuzilgan. Administratsiya rahbari o‘rinbosari lavozimlari tugatilgan.

Quyidagilar prezident farmoni bilan prezident maslahatchilari etib tayinlandi:

Ravshan Ayubovich G‘ulomov prezidentning iqtisodiy rivojlanish masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga (bungacha prezidentning iqtisodiyot sohalarini rivojlantirish, investitsiya va tashqi savdo siyosatini amalga oshirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi edi);

Alisher Saidabbasovich Sultonov prezidentning energetika xavfsizligi masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga (bungacha prezidentning neft-gaz, kimyo va energetika masalalari bo‘yicha maslahatchisi edi);

Shuhrat Madaminovich G‘aniyev prezidentning agrar rivojlanish masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga (bungacha prezidentning iqtisodiyot sohalarini rivojlantirish, investitsiya va tashqi savdo siyosatini amalga oshirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari edi);

Muzaffar Murotovich Komilov prezidentning din va millatlararo munosabatlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga (bungacha prezidentning jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi edi);

G‘ofurjon G‘aniyevich Mirzayev prezidentning kadrlar siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi – prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi direktori lavozimiga (bungacha prezidentning davlat xizmati, aholi bilan muloqot va mahalliy hokimiyat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi edi);

Doniyor Baxtiyorovich Qodirov prezidentning huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga tayinlangan (bungacha prezidentning shu yo‘nalish bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari edi, maslahatchi lavozimi vakant turgandi).

Quyidagilar departament rahbarlari lavozimiga tayinlangan:

Komil Ismoilovich Allamjonov Prezident administratsiyasi Axborot siyosati departamenti rahbari lavozimiga (bungacha Prezident administratsiyasi rahbari o‘rinbosari edi);

Odil Qalandarovich Abdurahmonov Prezident administratsiyasi Ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbari lavozimiga (bungacha prezidentning yoshlar, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi edi);

– Qahramon Qo‘chkorovich Quronboyev Prezident administratsiyasi Yoshlar siyosati departamenti rahbari lavozimiga (bungacha Prezidentning davlat xizmati, aholi bilan muloqot va mahalliy hokimiyat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisining birinchi o‘rinbosari edi);

– Alisherbek Azizovich Payg‘amov Prezident administratsiyasi Tashqi aloqalar departamenti rahbari lavozimiga (bungacha Prezident administratsiyasi rahbari o‘rinbosari edi);

– Nodirjon Abduqunduzovich Abdurahimov Prezident administratsiyasi Rejalashtirish va axborot ta’minoti departamenti rahbari lavozimiga (bungacha Prezident administratsiyasi mas’ul xodimi);

– O‘tkirjon G‘ayratovich Qodirov Prezident administratsiyasi Hududlar bilan hamkorlik qilish va tahliliy materiallarni tayyorlash departamenti rahbari lavozimiga (bungacha Qashqadaryo viloyati hokimi o‘rinbosari).

Shuningdek, Sherzod Asadov prezident matbuot kotibi lavozimini, Ulug‘bek Qurbonov prezident protokoli rahbari lavozimini, Saidlaziz Saidkarimov esa Prezident administratsiyasi Nazorat inspeksiyasi boshlig‘i lavozimini saqlab qolgan.

Bundan oldinroq Saida Mirziyoyeva va Aziz Magrupov prezident yordamchisi lavozimiga tayinlangani xabar qilingandi.

  • Eslatib o‘tamiz, avgust oyi o‘rtalarida Prezident administratsiyasida jiddiy o‘zgarishlar amalga oshirilgan, prezident administratsiyasi rahbari lavozimi va boshqa quyi lavozimlar tugatilgan, Sardor Umrzoqov, Sunnatulla Bekenov va Furqat Rahimov o‘z lavozimlaridan ozod etilgandi.

Mavzuga oid