Rossiya milliy yadro tadqiqot instituti “Moskva injyenerlik-fizika instituti”ning Toshkentdagi filiali ochildi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, ochilish marosimida O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov, “Rosatom” rahbari Aleksey Lixachyov ishtirok etmoqda.


“Ushbu muhim tadbirimiz mustaqillik bayramini nishonlash kunlariga to‘g‘ri kelgani alohida ahamiyatga ega. Ma'lumki, ushbu oliy ta'lim dargohi O‘zbekiston prezidentining o‘tgan yil iyul oyida qabul qilgan alohida qaroriga muvofiq tashkil etildi. Davlatimiz rahbari bir yil oldin Yadro fizikasi institutiga tashrif chog‘ida aynan shu joyda ushbu institut filialini tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatma bergan edi. Ko‘rib turganingizdek, hozir bu yerda zamonaviy va innovatsion o‘quv korpusi qurib bitkazildi va xalqaro standartlarga muvofiq eng zamonaviy laboratoriya uskunalari hamda o‘quv jihozlari bilan ta'minlandi. Ushbu oliy ta'lim muassasasining tashkil etilishi mamlakatimizda Markaziy Osiyoda birinchi atom elektr stansiyasining barpo etilishi bilan bog‘liqdir. Shu sababli, maxsus bilim va ko‘nikmalarga ega yuqori malakali mutaxassislarga talab juda yuqori bo‘ladi. Toshkent shahrida tashkil etilgan ushbu institut filiali xalq ta'lim standartlari darajasidagi yuqori malakali muhandis-texnik kadrlarni tayyorlashni ta'minlashiga ishonchimiz komil”, - dedi Abdulla Aripov.


Joriy yilda saralov faqat bakalavr dasturlariga to‘rt ixtisoslik bo‘yicha o‘tkazildi:
Yadroviy energetika va issiqlik fizikasi;
Yadroviy fizika va texnologiyalar;
Issiqlik energetikasi va issiqlik texnikasi;
Elektr energiyasi va elektr texnikasi.
OTM talabalari xalqaro standartlarga muvofiq yadroviy energetika va issiqlik fizikasi bo‘yicha muhandislik-texnik mutaxassisliklariga o‘qitiladi.


















