KUN.UZ tahririyatiga Xorazm viloyati, Shovot tumani, Chig‘atoyqal'a qishlog‘i, «Guliston» mahallasida istiqomat qiluvchi bir guruh mehnat faxriylari, fermerlar, nafaqaxo‘r onaxonlardan murojaat tushdi.

Ular qishloqdagi ijtimoiy muammolar bo‘yicha shikoyat qilishdi. Xatda bolalar bog‘chasi ishlamayotgani, uning ayanchli holatda ekani, mahallada kutubxona tugatib yuborilgani, ichimlik suvi tarmog‘i yo‘qligi, qishloq vrachlik punktiga ega emasligi, guzar tugul, hatto sartaroshxona yo‘qligi, masjid mavjud bo‘lishiga qaramay, unda ibodat qilishga ruxsat berilmagani ko‘rsatilgan.

Vaziyatni o‘rganish uchun Shovot tumani, Chig‘atoyqal'a qishlog‘ining «Guliston» mahallasiga tashrif buyurdik. U yerda mehnat faxriylari Matchonov Jumanazar, Qalandarov Shermat, Boyjonov Bekturdi, Ahmedov Xudoyor va boshqa fuqarolar bilan uchrashdik.

Shovot tumani, Chig‘atoyqal'a qishlog‘i

Chig‘atoyqal'a qishlog‘ining «Guliston» mahallasi Shovot tumani markazidan 7 km uzoqlikda joylashgan. Unda 600dan ziyod xonadon mavjud.

Fuqarolarning so‘zlariga ko‘ra, mustaqillikka erishilganidan so‘ng, mahallada birorta madaniy, ijtimoiy-iqtisodiy obekt qurilmagan. Mavjud bo‘lganlari esa tugatilib, mulki talon-toroj qilib yuborilgan.

Vayronaga aylanayotgan «Orzu» maktabgacha ta'lim muassasasi

1985 yilda «Mehnatobod» jamoa xo‘jaligi mablag‘lari hisobiga mahallada «Orzu» maktabgacha ta'lim muassasasi barpo qilingan. Unda shu mahalla bolalari ta'lim-tarbiya olgan, savodini chiqargan.

Mahalla aholisining aytishicha, 2015 yilda bog‘cha kapital ta'mirlash bahonasida yopilgan, ammo hozirgi kungacha hech qanday ta'mirlash ishlari bajarilmagan va qarovsiz ahvolda, o‘z holiga tashlab qo‘yilgan. Uni tugatib yuborish haqida biror qaror mavjud emas, ammo bog‘cha mulki (ya'ni davlat mulki) talon-toroj qilib yuborilgan.

«Orzu» bolalar bog‘chasi 2015 yilda ta'mirlash uchun yopilgan. Shundan beri faoliyat ko‘rsatmaydi
Bog‘chaning isitish moslamalari, trubalari, batareyalari talon-toroj qilingan