O‘zbekiston | 07:18 / 07.04.2022
12164
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Yangi O‘zbekiston ko‘chasida zamonaviy uy-joylar qurish loyihasini ma’qulladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 6 aprel kuni qurilish loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Rasmiy xabarda aytilishicha, Yangi O‘zbekiston ko‘chasi poytaxtning muhim yo‘llaridan biriga aylanib bormoqda. Oxirgi yillarda u yerda yangi bog‘, ko‘prik, universitet barpo etildi. 

Ma’lum qilinishicha, endi bu ko‘cha bo‘yida 610 gektar maydonda uy-joylar, mehmonxonalar, kinoteatr, restoranlardan iborat zamonaviy majmualar qurish rejalashtirilgan.

Davlat rahbari avvalo mazkur loyiha maketini ko‘zdan kechirdi.

Loyihaga asosan, binolar to‘rt qavatli, to‘rt xil dizaynda bo‘ladi. Birinchi qavatda savdo va xizmat ko‘rsatish muassasalari faoliyat yuritadi. Yuqori qavatlarda xonadonlar yoki mehmonxonalar bo‘ladi. Ko‘cha bo‘yida piyoda va velosiped yo‘laklari, yerosti va yerusti yo‘llari barpo etiladi.

Prezident loyihani ma’qullab, uylarni energiyatejamkor qilib qurish, issiq va sovuqda mo‘’tadil bo‘lishini ta’minlash bo‘yicha tavsiyalar berdi. Ish o‘rinlarini ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlandi.

- Eng muhimi - xalqimizga munosib yashash sharoiti va ish o‘rinlari yaratish, - dedi davlat rahbari.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, binolarda 1 million 700 ming kvadrat metr savdo va xizmat ko‘rsatish maydoni bo‘ladi. Buning negizida 14 mingdan ortiq ish o‘rni tashkil etiladi.

Mavzuga oid