Iqtisodiyot | 21:45 / 01.08.2024
23620
3 daqiqa o‘qiladi

Hukumat metan narxini qo‘yib yubordi. Asossiz narx oshirishga yo‘l qo‘yilmaydi

“Davlatning narxlarni tartibga solishga aralashuvi raqobat muhitining buzilishiga olib keldi. Shu sababli narxlarning yuqori chegarasi bo‘lmaydi, narxlarni bozor belgilaydi”, deya ma’lum qildi bosh vazirning matbuot kotibi Bekzod Hidoyatov. Davlat rahbari hukumatga bozor mexanizmlarini joriy etish bilan birga, gaz narxining asossiz oshirib yuborilishiga yo‘l qo‘ymaslikni buyurgan.

Foto: Kun.uz

O‘zbekistonda AGTKSlardagi metan gazning maksimal chakana narxini davlat tomonidan belgilash bo‘yicha oxirgi 10 oy davomida amal qilib kelgan rasmiy tartib bekor qilindi.

Hukumat rahbarining matbuot kotibi Bekzod Hidoyatovning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, endilikda davlat bu sohada narx belgilashga aralashmaydi. Bu haqda 1 avgust kuni bosh vazir Abdulla Aripov yoqilg‘i-energetika masalalari bo‘yicha yig‘ilishda ma’lum qilgan.

Aripov vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirokida o‘tgan yig‘ilishda ta’kidlashicha, davlat rahbari iste’molchilar huquqlarini himoya qilish maqsadida hukumatga bozor mexanizmlarini joriy etish bilan birga, gaz narxining asossiz oshirib yuborilishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan.

“Davlatning narxlarni tartibga solishga aralashuvi raqobat muhitining buzilishiga olib keladi. Shu sababli narxlarning yuqori chegarasi bo‘lmaydi, narxlarni bozor belgilaydi. Raqobat qo‘mitasi va Bosh prokuraturaga narxlarni barqarorlashtirish bo‘yicha prezident topshirig‘i berildi. Bu xuddi non va g‘alla narxlarini liberallashtirish misolida bo‘lgani kabi amalga oshiriladi”, – dedi Bekzod Hidoyatov.

Bekzod Hidoyatov

Bosh vazirning matbuot kotibiga ko‘ra, metan gaz narxlarini belgilashdagi erkinlik “xohlagan ishini qilish imkoniyati” degani emas. Narxlarning sun’iy ravishda oshirilmasligini to‘rtta sektor rahbarlari ta’minlaydi.

Hidoyatov Andijonda metan gaz narxini 3750 so‘mdan oshirmaslik (ya’ni o‘zgarishsiz qoldirish) bo‘yicha viloyat hokimi tomonidan topshiriq berilganiga izoh berib, bu haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi, hokimliklarga bunday ko‘rsatma berilmaganini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, iyul oyida gaz shoxobchalari uchun qo‘shimcha talablar belgilangan edi. Unga ko‘ra, shoxobchalar yil oxirigacha Uzinfocom tizimlariga ulanishi kerak. Bu tizimlar AGTKSh orqali sotiladigan siqilgan gaz sarfi hisobini, bevosita gaz tarqatish ustunlaridagi ma’lumotlarni real vaqt rejimida yuritish imkonini beradi.

Mavzuga oid