O‘zbekistonda umumiy maydoni 2466,2 gektar bo‘lgan 1145 ta issiqxonani gazdan ko‘mirga o‘tkazish belgilangan. Bu tadbirni amalga oshirishga qancha mablag‘ va vaqt kerak bo‘ladi? Qolaversa, bu borada qanday muammolar yuzaga chiqishi mumkin?

12 ming vagon ko‘mir

1 gektar zamonaviy issiqxona (balandligi 5-5,5 metr, isitish qozonlari kamxarj, zamonaviy bo‘lgan taqdirda) kuniga taxminan 2,5-3 tonna ko‘mir sarflaydi. Sovuq va shimoliy hududlarda bundan ham ko‘proq sarf qilinadi. Qish mavsumini o‘rtacha 120 kun (oktyabrning o‘rtasidan mart oxirigacha) deb olsak, bir yilga 740 ming tonna ko‘mir kerak bo‘ladi degani. Bir vagonga 62 tonna ko‘mir ketishini hisobga olsak, bu 11 935 ta vagon bo‘ladi. Buncha ko‘mirni avval mamlakatga, keyin viloyatlarga va issiqxonalarga yetkazish muammosi mavjud.

1 tonna ko‘mirning O‘zbekistonga kirib kelishi 60 dollarga tushadi. Issiqxonalarga yetadigan ko‘mir importi uchun taxminan 44 mln dollar sarflash kerak bo‘ladi.

110 mln dollarlik qozonlar

Ko‘mir qozonlari gaz qozonlariga qaraganda murakkabroq va kattaroq bo‘lgani sababli 2 gektarga 1 ta qozon qo‘yish mumkin. Demak, 2466 gektar issiqxonaga taxminan 1200 donadan ortiq qozon kerak bo‘ladi. Agar rejalashtirilgan qozonlar zamonaviy, kamxarj va atrof-muhitga kam chiqindi chiqaruvchi, ya’ni filtrli bo‘lishini xohlasak, har bir gektarga qozon uchun taxminan 45-50 ming dollar sarflash kerak bo‘ladi. Bu o‘rtacha 110 mln dollar degani.

Qozonlarni almashtirish uchun issiqxonachilarda 7 oy vaqt qoldi. Bu vaqt ichida qozonlar puli to‘lanib, buyurtma berilishi, ishlab chiqarilishi, yetkazib berilishi va eski qozonlar yechilib o‘rniga o‘rnatilishi lozim

Zamonaviy qozonlarni ishlab chiqaradigan korxonalar kam, sohaga kerakli bo‘lgan 1200 dona qozonni topish, sotib olish yetarlicha muammo tug‘diradi. Masalan, 2 gektarga mo‘ljallangan, 4 mln kilokaloriyalik Ijan (Turkiya) qozonlari 15 daraja sovuqda soatiga 600 kggacha ko‘mir sarflaydi. Ushbu firmaning yillik ishlab chiqarish quvvati – 25-35 dona qozon.

Ko‘mirning turi va sifatiga qarab 5 foizdan 20 foizgacha chiqindi chiqadi. Demak, 740 000 tonna ko‘mirdan 37 mingdan 148 ming tonnagacha chiqindi chiqadi. Ularni utilizatsiya qilish masalasi ham bor. Qolaversa, ko‘mirdan chiqqan chiqindilarning issiqxona ustki qoplamalariga ta’siri mahsulotning sifatiga va hajmiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Ko‘mir yoqilg‘isidan foydalanish uchun ish kuchi (ko‘mir tashuvchi), ko‘mir ombori, chiqindi ombori kabi qo‘shimcha resurslar ham kerak bo‘ladi.