Shunday manzara tasvirlangan kamida ikkita videolavha tarqaldi va ko‘pchilikning qalbini larzaga soldi. Birinchisida nogiron farzandi bor ayolning ijara uydan haydab chiqarilishi aks etgan. Yetib kelgan homiylar bir necha oyga pul to‘lashga tayyor ekanliklarini bildirsalar ham uy egasi fikrida qat’iy turib oladi.

Ikkinchisi yanada qiziq, ko‘rinishidan talaba qizlar hali yashash uchun ikki kun muddatlari borligini, o‘sha boshqalar beradigan qimmat narxni berishga tayyor ekanliklarini aytsalar ham, uy egasi haydashda davom etadi, hatto olingan pullarni sochib, buyumlarni tepib yuboradi (Ma’lumot uchun, keyinchalik bu lavha teatrlashtirilgani ma’lum qilindi, ammo bu muammo yo‘qligini anglatmaydi).

Ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari har ikki uy egasiga nafratlarini berkitishmayapti, insofga chaqirishyapti va hatto bo‘ralatib so‘kishyapti ham. Ijarada yashovchilarning huquqlari himoyalanmagani, narx-navo haddan ziyod oshib ketgani bilan hech kim shug‘ullanmayotgani, davlat jarayonga mutlaqo aralashmayotganidan shikoyat qilayotganlar talaygina.

Shunday vaziyatda taniqli diniy ulamo Mubashshir Ahmadning kichik hikoyasi xorij va bizdagi bu masaladagi tafovut qay darajada ekanini ko‘rsatib qo‘ydi.

“Turkiyada bir tanishimizga kvartira sotib oldik. Pulini to‘laganimizda bilsak, uy ichida ijarachi bor ekan. Ular uy topgunimizcha shu yerda yashaymiz, deb turib oldi. Na sotuvchi va na xaridor ijarachini ko‘ndirolmadik. Turkiya qonunlari ijarachini qattiq himoya qilar ekan. Advokatlar agar sudlashsangiz olti oylarda chiqarishingiz mumkin, dedi. Ikki tomon yalinib-yolvorib bir oy deganda zo‘rg‘a chiqardik. Bunday muvaffaqiyatga erishish uchun ijarachining yuklarini yangi uyiga tashib bermadik xolos. Boshqa hamma yaxshilikni qildik. Ijarachi ham turk emas, chet ellik edi.

U yerda ijarachi ko‘chada qolib ketmasligi uchun hamma qonuniy chora ko‘rilgan ekan. Uy egasi ijara narxini xohlagan paytda oshira olmaydi. Yilda faqat 25 foizgacha oshirishi mumkin ekan. To‘lovlar faqat lirada hisob qilinadi. Inflatsiya bo‘lsa ham uy egasi emas, chet ellik ijarachi yutadi. Xullas, xonadonda uy egasidan ko‘ra, ijarachining haqqi ko‘proqdek tuyuldi menga.

Bizda ham ijarachi huquqlarini himoya qiladigan ana shunday qonuniy asoslar yaratilishi kerak. Bunday krizis davrlarda parlament ham tezkor ishlashi lozim”, – deya yozdi Mubashshir Ahmad ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.