Armanistonda 13 aprel kunidan buyon norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tmoqda. 16 aprel, dushanba kuni tongida Yerevan shahrida namoyishlarning yirik to‘lqini kuzatildi. Namoyishchilar mamlakatni 10 yil boshqargach, vakolat muddati tugashi yaqinlashgach, 2017 yili referendum orqali konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritib, prezidentlik respublikasini parlamentar respublikaga aylantirgan hamda endi o‘zi bosh vazirga aylanayotgan Serj Sargsyanga qarshi norozilik chiqishlar o‘tkazishmoqda.

Namoyishlarga deputat Nikol Pashinyan boshchilik qilmoqda.

Dushanba kuni qo‘llarida Yerevanda Armaniston bayroqlari bo‘lgan namoyish ishtirokchilari Milliy Majlisga eltuvchi Marshal Bagramyan ko‘chasini egallab olishdi va bir vaqtning o‘zida shahar markazida harakatni to‘xtatib qo‘yishdi.



Muxolifat tarafdorlaridan iborat namoyishchilar parlament binosi ichiga kirishga urinishdi, politsiya bu urinishlarni yo‘qqa chiqardi.


Namoyishchilar shu kuni poytaxt markazidagi bir qancha ko‘chalarni va chorrahalarni egallab, transport qatnovini cheklashdi. Ular «Yeritasardakan» metro bekatini to‘sib qo‘yishga harakat qilishgandi, ammo politsiya ularni bu yerdan uloqtirdi. Lekin namoyishchilar Armaniston Konstitutsion sudi binosiga kirishga muvaffaq bo‘lishgan.


























