Jamiyat | 12:43 / 17.03.2021
17168
3 daqiqa o‘qiladi

Otabek Sattoriy ishi. Jabrlanuvchining advokati jurnalistlarga chora ko‘rish bo‘yicha sudga iltimosnoma kiritdi

Ayni paytda Surxondaryoda Otabek Sattoriy ishi bo‘yicha navbatdagi sud majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Sudya jabrlanuvchi tomonlarning iltimosiga ko‘ra sud jarayonini internetda to‘g‘ridan to‘g‘ri video tarzida tarqatishni taqiqladi.

Jabrlanuvchilarning advokati sudyaga sud jarayonini to‘g‘ridan to‘g‘ri videoga olib ijtimoiy tarmoqlarda va internetning boshqa resurslarida tarqatishni taqiqlash va saytlardan biriga avvalgi sud majlisida jarayonni to‘g‘ridan to‘g‘ri videoga olib tarqatgani uchun chora ko‘rishni so‘radi. Bu haqda sud majlisida qatnashayotgan Kun.uz muxbiri xabar berdi.

Jabrlanuvchilarning advokatiga ko‘ra, jurnalistlar va blogerlar sud majlisini videoga olib jonli efirda internetga tarqatganligi natijasida ijtimoiy tarmoqlarda jabrlanuvchilarga nisbatan inson sha'ni, qadr-qimmatini tahqirlovchi ko‘plab izohlar qoldirilgan. Shu sababli advokat sud majlisidan jonli efir tarqatgan saytlardan birining jurnalistlariga nisbatan chora ko‘rish bo‘yicha iltimosnoma kiritdi.


Foto: Otabek Sattoriy / Facebook

Sud majlisiga raislik qiluvchi sudya advokatning iltimosnomasini qisman qanoatlantirdi. Bloger va jurnalistlarga sud majlisini to‘g‘ridan to‘g‘ri efirga uzatishni taqiqlandi. Sud majlisining avvalida jabrlanuvchilar so‘roq qilinmoqda.

Avvalroq, Otabek Sattoriy ishi bo‘yicha tergov yakunlangani, bloger Jinoyat kodeksining 3ta moddasi bilan ayblanayotgani xabar qilingandi. Tergov departamentining ma'lum qilishicha, jinoyat ishini tergov qilish jarayonida Otabek Sattoriy sakkiz nafar fuqaroning sir saqlanishi lozim bo‘lgan ma'lumotlarini oshkor qilish bilan qo‘rqitishda, bu orqali moddiy manfaat ko‘rib kelganlikda, fuqarolarga Telegram, Facebook, YouTube orqali tuhmat qilish, haqorat qilish kabi jinoyatlarni sodir qilganlikda ayblangan.

Mavzuga oid