Jahon | 23:48 / 04.08.2019
30870
3 daqiqa o‘qiladi

AQShda bir sutka ichida uchinchi otishma yuz berdi: Chikagoda yetti kishi yaralandi

Chikagoda hozirgacha qo‘lga olinmagan noma'lum shaxs tungi soat 1:20 larda o‘z mashinasi ichidan turib bolalar maydonchasiga qarata o‘q uzgan. 19 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan 7 kishi yaralangan, deb xabar bermoqda FoxNews. Bu AQShda keyingi sutka ichida sodir bo‘layotgan uchinchi ommaviy otishmadir.

Foto: Tyler LaRiviere / Sun-Times

Yoshlari 19, 22 va 25 da bo‘lgan uch qiz shifoxonaga keltirilgan va ularning ahvoli barqarorlashtirilgan. 20 yoshli yigit ham kasalxonada o‘ziga kelgan. Yana bir 21 yoshli yigitning ahvoli og‘ir. Ikkita erkak o‘zlari shifoxonaga yo‘l olishgan, ular hozir qay ahvoldaligi noma'lum.

Bungacha Texas shtatining El-Paso shahridagi Walmart savdo majmuasida yuz bergan otishma tufayli 2 yoshdan 83 yoshgacha bo‘lgan 20 inson o‘ldirilgan edi. Yana 26 kishi turli darajada jarohatlangan.

Foto: twitter.com/KTSMtv

Politsiya 21 yoshli Patrik Kruziosni qo‘lga olgan. U AK-47 avtomatidan foydalangan. U savdo majmuasida qirg‘inni yuzaga keltirishdan oldin Yangi Zelandiyadagi masjidda yuz bergan terrorchilik aktini qo‘llovchi manifestni ijtimoiy tarmoqdagi o‘z sahifasida e'lon qilgan.

Ushbu otishma nafratga asoslangan jinoyat o‘laroq baholanmoqda.

Undan so‘ng Ohayo shtatidagi Deyton shahrida o‘n kishi o‘qotar qurol vositasida o‘ldirilgan. Bu haqda mahalliy politsiya o‘zining Twitter mikroblogida xabar bergan.

Yana 16 kishi yaralangan. Politsiyadagilar otishmani uyushtirgan shaxsning o‘zi ham o‘lganini tasdiqlashgan.

Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, voqea Oregon tumanidagi barlardan birida sodir bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, 29 iyul kuni Kaliforniya shtatining San-Xose shahrida bo‘lib o‘tgan Gilroy Garlic taomlar festivalida yuz bergan otishma tufayli uch kishi o‘ldirilgan edi.

Guvohlarning tasvirlashicha, 20 yoshli yigit festivaldagi palatkalardan biriga qarata o‘q uzgan va uch kishining umriga zomin bo‘lgan. Yetti kishi shifoxonaga jo‘natilgan.

Mavzuga oid