Bugun, 27 yanvar kunidan O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov tavalludining 82 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar haftaligi boshlandi. Haftalikni «O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida: Prezidentlik instituti tashkil etilganining 30 yilligi» mavzusidagi davra suhbati ochib berdi.

Foto: Farhod Qurbonboyev

Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma'rifiy yodgorlik majmuasida bo‘lib o‘tgan davra suhbatida Islom Karimovning rafiqasi Tatyana Karimova ,birinchi davlat rahbarining safdoshlari hamda olimlar ishtirok etishdi.

Tadbirda so‘z olgan Tatyana Karimova O‘zbekistonda prezidentlik institutining joriy etilishi bilan bog‘liq xotiralarini yodga oldi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

«Islom Karimov mamlakat hali O‘zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi deya yuritiladigan 1990 yilda Prezident bo‘lgan edi. U paytda siyosiy holat juda ham tarang, har qanday harakat kuchli qarshilikka sabab bo‘lishi mumkin edi. Shunga qaramay, sobiq sovet davlatlari orasida birinchi bo‘lib O‘zbekistonda prezidentlik instituti ta'sis etildi. Buning oqibatlarini markaz tushungan holda turli bosimlar o‘tkaza boshladi.

Lekin Islom Abdug‘aniyevich maqsaddan chekinmadi. SSSRdek katta imperiyada ikkita Prezident bo‘ldi: Gorbachyov va Karimov. Lekin bu Islom Abdug‘aniyevichning shaxsiy manfaatlari emasdi. U iqtisodiy inqiroz yoqasiga kelib qolgan, konfessiyalararo va etnik konfliktlar taranglashgan mamlakat kelajagi uchun mas'uliyatni o‘z bo‘yniga oldi. Davlat ahamiyatiga molik qarorlarni mustaqil qabul qilish, huquqiy asosni yaratish zarurati o‘laroq prezidentlik instituti joriy etildi», – deya xotirladi Tatyana Akbarovna.

Foto: Farhod Qurbonboyev
Foto: Farhod Qurbonboyev

Pedagogika fanlari  doktori, professor Muhammadjon Quronov O‘zbekistonda prezidentlik institutining ta'sis etilishiga Moskvaning reaksiyasini ko‘rsatuvchi faktlarni keltirib o‘tdi.

«90-yillarda biz Prezident desa, AQShdagi Reyganni bilardik. Keyin Gorbachyov Prezident bo‘ldi. SSSRdagi ikkinchi Prezident esa Islom Karimov bo‘ldi. Mamlakatda ikkita prezidentlik holati yuzasidan Moskvada yig‘ilish bo‘lgan. Bu yig‘ilishga Islom Abdug‘aniyevichni ham chaqirishgan. Katta minbarda turib Mixail Gorbachev: «Buni qarang-a. Bitta mamlakatda ikkita prezident! Men hali o‘zim buning tagiga yetaman», deb dag‘dag‘a qilgan.