Bir vaqtning o‘zida ikki klub bilan shartnoma imzolashda gumon qilinayotgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi a'zosi Aziz Turg‘unboyevning mojaroli ishi Futbolchilarning maqomi va o‘tishi bo‘yicha qo‘mita tomonidan o‘rganib chiqildi. Quyida bu haqda O‘FA tomonidan taqdim etilgan bayonot matni to‘liq keltirib o‘tiladi.

Aziz Turg‘unboyev yozgi transfer oynasiga qadar diskvalifikatsiya qilindi

Ma'lum bo‘lishicha, Turg‘unboyevning “Navbahor” futbolchisi sifatida PFL ro‘yxatidan o‘tkazilgan shartnomasi 2018 yilning 30 noyabr kuni o‘z yakuniga yetgan. U Futbolchilarning maqomi va o‘tishi bo‘yicha reglament bandlaridan kelib chiqib, shartnomasi yakuniga yarim yil vaqt qolganida boshqa klublar bilan muzokara o‘tkazishi mumkin edi. Uning bu huquqidan “Paxtakor” futbol klubi unumli foydalanishga harakat qilgan hamda Aziz Turg‘unboyev bilan 2018 yilning 5 sentabr kuni 2 yilga mo‘ljallangan hamda 2019 yilning 1 yanvaridan kuchga kiradigan shartnoma imzolagan.

Ishni o‘rganish jarayonida ishtirok etgan “Navbahor” tomoni bu shartnomani mavhum qoldirishga harakat qildi. Biroq Aziz Turg‘unboyevning ko‘rsatmasi hamda mavsum yakunlanganidan so‘ng PFL bosh direktori nomiga yozgan arizasi orqali ma'lum bo‘ladiki, “Navbahor” futbolchining Toshkent klubi bilan shartnomasi bor ekani haqida bilsa-da, 2018 yilning 29 noyabr kuni Turg‘unboyevni yangi shartnomaga qo‘l qo‘yishga undagan. Bunda “Navbahor” tomoni Turg‘unboyev bilan 30 noyabr kuni yakuniga yetadigan shartnomani uzaytirmagan, balki futbolchiga yangi shartnoma imzolatgan. Qo‘shimchasiga, Turg‘unboyev vaziyat silliq hal etilishiga ishontirilgan.

Mazkur ish jiddiy tus olishni boshlaganiga qaramay, dekabr oyi ekvatoriga kelib Turg‘unboyev “Paxtakor” bilan navbatdagi shartnomaga imzo chekkan. Oqibatda vaziyat butunlay izdan chiqqan. Bungacha PFL na “Paxtakor” va na “Navbahor” bilan tuzilgan shartnomalarni ro‘yxatga olgan. Boisi, O‘zbekistonda qishki transfer oynasi 17 dekabrga kelibgina ochilgan. Boz ustiga, 2019 yilgi mavsum uchun reglamentda jiddiy o‘zgarishlar qilayotgan PFL yuqoridagi kabi holatlarning oldini olish maqsadida muhim yangilikka qo‘l urgandi. Unga ko‘ra, futbolchi va klub o‘rtasida imzolanayotgan har qanday shartnoma roppa-rosa 1 oy ichida PFL ro‘yxatidan o‘tkazilmasa, tashkilot uning haqiqiyligini tan olmaydi. Mazkur qoida 2019 yilning 1 yanvar kunidan keyin taqdim etiladigan shartnomalar uchun taalluqlidir.

“Paxtakor” aynan 1 yanvar kuni Aziz Turg‘unboyev bilan tuzilgan shartnomani Osiyo Chempionlar ligasiga ro‘yxatdan o‘tkazish uchun olib keldi. Bu vaqt ichida “Navbahor” futbolchi bilan tuzilgan shartnomani taqdim etmadi. Namangan klubining Turg‘unboyev bilan tuzilgan shartnomasi O‘FA komissiyasi mazkur ishni o‘rganishni boshlaganidan keyingina ko‘rsatildi. Vaholanki, “Navbahor” boshqa klub bilan shartnomasi bor bo‘lgan futbolchini Qrimda tashkil etilgan yig‘inga jalb qilgan. “Paxtakor” tomoni esa aynan shundan kelib chiqib PFLga shikoyat arizasi bilan chiqqan.