Andijondagi xonadonlardan birida 4 kishi gazdan zaharlanib vafot etdi - manba
21 oktabr kuni tungi vaqtda Jalaquduq tumanidagi xonadonlardan birida 4 kishi vafot etgan, yana 4 kishi kasalxonaga yotqizilgan. Viloyat rasmiylari holatni tasdiqladi, lekin batafsil izoh bermadi.
Joriy yil 21 oktabr kuni Andijon viloyati Jalaquduq tumani markazida yashovchi oilada gazdan zaharlanish sodir bo‘ldi. Kun.uz manbalarining xabar berishicha, holat haqida 2 xil ma’lumot bor. Birinchisi uyga kelgan mehmonlar bilmasdan oshxonadagi metan gaz ballonini ochiq qoldirgan. Natijada tungi vaqtda uyga gaz to‘lgan va fojia sodir bo‘lgan. Ikkinchi variantda xonadondagi uzoq vaqt ishlamay turgan gaz trubalariga tungi vaqtda tabiiy gaz kelgan. Natijada xonadonda yashovchi erkak, uning o‘g‘li hamda ikki nafar mehmon (ayollar) gazdan zaharlanib vafot etgan. Xonadonda bo‘lgan yana 4 kishi kasalxonaga tushgan. Hozirda ularning sog‘ligi yaxshi.
Andijon viloyat hokimligi matbuot kotibi fojia bo‘lganini tasdiqladi, lekin batafsil ma’lumot bermadi.
“Bu voqea tafsilotlari hali aniq emas. Hozircha o‘rganish yakunlangani yo‘q. Is gazi sabab ekani bu albatta katta ehtimol, ammo bunday vaziyatda aniq xulosasiz ma’lumot berish faqatgina muhokamani va qo‘shimcha savollarni ko‘paytiradi, xolos”, - degan Muslimbek Ibrohimov.
Viloyat IIBB matbuot xizmati esa “Hodisa bizning vakolatimizda emas, yuqori turuvchi tashkilotlar tomonidan o‘rganilmoqda”, deya izoh berdi.
Manbalarga ko‘ra, Jalaquduqdagi fojiada vafot etgan xonadon egasi tumandagi qishloqlardan birida imom xatib bo‘lgan. Ayni vaqtda Andijon shahridagi madrasada ishlab kelayotgan bo‘lgan.
Mavzuga oid
16:17
Andijonda ishchidan alimentdan qarzini ushlab qolmagan fermer jarimaga tortildi
11:38 / 25.10.2024
Viloyatlar orasida eng zich aholi Andijonda yashashi ma’lum qilindi
15:50 / 21.10.2024
Andijon va Toshkentda 1 mlrd so‘mdan ortiq “svet”dan noqonuniy foydalangan shaxslar ushlandi
10:54 / 20.10.2024