O‘zbekiston | 15:50 / 12.10.2019
48179
4 daqiqa o‘qiladi

Senat sudyalarning maxsus kiyimi namunasini tasdiqladi (foto)

Oliy Majlis Senati 12 oktabr kuni “O‘zbekiston Respublikasi sudyalarining maxsus kiyimi tavsifi va namunasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorni qabul qildi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Yuqori palata yalpi majlisida qayd etilishicha, sudyalarning maxsus kiyimi tasnifi va namunalarini ishlab chiqishda nafaqat milliy qadriyatlar, balki xorijiy davlatlar, ya'ni AQSh, Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Rossiya, Qozog‘iston va boshqa mamlakatlarning tajribasi o‘rganib chiqilgan.

 

“Bu masala 30 yildan beri ko‘tarib kelinadi. Qonunda bor edi, lekin amalda... Bu masala olib chiqilar, keyin yana yo‘q bo‘lib ketardi... Ana, sudga o‘sha paytda bo‘lgan munosabat... So‘nggi uch yildagi islohotlarni gapirsam, soatlab vaqtlaringni olaman.

Bu [sudyalik maxsus kiyimining joriy etilishi] juda ham muhim. Bunda Oliy cudning raisi ham, tuman sudi raisi ham bir xil maqomga ega – kiyimi ham bir xil. Kiyim faqatgina sud majlislarida kiyiladi. Sayyor sudlarda ham, apellyatsiya, kassatsiya, rayosat, hatto plenum majlislarida ham. Ikkinchidan, bu kiyim ham katta mas'uliyat yuklaydi”, – deydi Oliy sud raisi Kozimjon Komilov.

Oliy sud raisi Kozimjon Komilov

Qayd etish kerak, "Sudlar to‘g‘risida"gi qonunning 84-moddasida sudyalar sud majlisini maxsus kiyimda olib borishi belgilangan. Ushbu moddaga muvofiq, sudyaning maxsus kiyimi tavsifi va namunalari Oliy Majlis Senati tomonidan tasdiqlanadi.

Senator Abduqodir Toshqulov sudyalik maxsus kiyimiga doir ayrim jihatlarga to‘xtalib o‘tdi. Unga ko‘ra:

  • respublika sudlari sudyalari uchun maxsus kiyim rangi to‘q-ko‘k, Konstitutsiyaviy sud sudyalari uchun esa to‘q-olcha rangda bo‘ladi;
  • maxsus kiyim tarkibi 70 foiz jundan iborat bo‘ladi;
  • to‘plam maxsus kiyim, manishka va ipak bo‘yinbog‘-plastrondan iborat bo‘ladi va u sudyalarning individual tana o‘lchamlari bo‘yicha, faqatgina sudyalik guvohnomasi asosida buyurtmaga qabul qilinadi;
  • sudyalik maxsus kiyimining to‘plami uchun ishlatiladigan mato qishki va yozgi holati bo‘yicha o‘zgarishi mumkin;
  • maxsus kiyimining foydalanish muddati – 2 yil.
Senator Abduqodir Toshqulov

Toshqulovning qo‘shimcha qilishicha, sudyalik maxsus kiyimining joriy etilishi odil sudlovni amalga oshirish borasida umume'tirof etilgan xalqaro tamoyillarning milliy qonunchilikka joriy etilishi hamda sud hokimiyatining nufuzi oshishiga xizmat qiladi.

Senatorga ko‘ra, sudyalik maxsus kiyimi joriy etilishi davlat budjetidan 500 mln. so‘m qo‘shimcha xarajatlarni talab qiladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda sudyalarning maxsus kiyimini belgilab qo‘yish 2019 yilgi davlat dasturida belgilangan edi.

Mavzuga oid