Iqtisodiyot | 12:19 / 26.04.2024
3749
2 daqiqa o‘qiladi

Iqtisodiyotda davlat ishtiroki qisqartiriladi

Ijro hokimiyati organlari, davlat ishtirokidagi korxonalar birinchi rahbarlari asosiy vazifalaridan biri etib o‘z sohasida xususiy sektor ulushini oshirish, raqobat shakllangan sohalardagi, shuningdek, ular faoliyatiga xos bo‘lmagan, samarasiz va bo‘sh turgan aktivlarini xususiylashtirish belgilandi.
 
“Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi.

Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari (davlat ishtirokidagi korxonalar) birinchi rahbarlarining asosiy vazifalaridan biri etib o‘z sohasida xususiy sektor ulushini muttasil oshirib borish, raqobat muhiti shakllangan sohalardagi, shuningdek, ularning faoliyatiga xos bo‘lmagan, samarasiz foydalanilayotgan va bo‘sh turgan aktivlarini xususiylashtirish (sotish) belgilandi.

Shuningdek, quyidagilar tasdiqlandi:

  • ommaviy savdolarga chiqariladigan aksiya paketlari (ulushlari) ro‘yxati;
  • ommaviy savdolarga chiqariladigan davlat va davlat ishtirokidagi korxonalarning ko‘chmas mulk obektlari ro‘yxati;
  • mahalliy fond bozorida aksiyalarining birlamchi (IPO) yoki ikkilamchi (SPO) ommaviy taklifi o‘tkaziladigan korxonalar ro‘yxati.

Davlat ishtirokidagi korxonalar aksiyalarining ommaviy taklifini o‘tkazish jarayonida:

➖qabul qilingan buyurtmalar asosida aksiyalarni uyushgan savdolarda sotishda oldi-sotdi bitimlari investitsiya vositachilari tomonidan qat’iy ravishda “Toshkent” RFB savdo maydonchasida ro‘yxatdan o‘tkaziladi;
➖ mahalliy investorlarning buyurtmalarini qabul qilish “Toshkent” RFB savdo maydonchasida amalda bo‘lgan usullarga qo‘shimcha ravishda, E-AUKSION elektron savdo platformasi, shu jumladan uning mobil ilovasidan foydalangan holda amalga oshiriladi.

Mavzuga oid