30 may kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘i bilan 156 nafar vatandoshimiz Yaqin Sharqdagi qurolli harakatlar davom etayotgan nuqtalardan O‘zbekistonga qaytarildi. Ular Toshkent xalqaro aeroportida kutib olindi.

Respublika maxsus xizmatlari tomonidan xorijiy hamkorlar bilan birgalikda amalga oshirilgan «Mehr» nomli mazkur amaliyot doirasida vatanga qaytarilganlarning asosiy qismini ayollar va yosh bolalar tashkil qiladi. Jumladan, ulardan 48 nafari ayollar va 107 nafari esa yosh bolalardir.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bayonotiga ko‘ra, ushbu gumanitar amaliyot inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi asosiy xalqaro hujjatlarga to‘liq rioya etgan holda, shuningdek, xalqaro gumanitar huquqning me'yor va tamoyillaridan kelib chiqib amalga oshirildi. «Bu xorijiy jangari-terroristlar bilan aloqador hamda terrorizm qurbonlari bo‘lishi mumkin bo‘lgan ayollar va bolalarga yordam ko‘rsatish muhimligi BMT Xavfsizlik kengashining 2396-rezolyutsiyasi bilan ham tasdiqlangan», deyiladi bayonotda.

Toshkent xalqaro aeroportidagi kutib olish tadbirida qatnashgan Kun.uz muxbiri tadbir jarayonlarini yoritishi bilan birga ekstremistik va terroristik tashkilotlarning g‘oyalari qurboni bo‘lgan turmush o‘rtoqlari yoki boshqa yaqinlari ta'sirida o‘ylamay qadam bosgan ayollar va ularning bolalaridan bir nechtasi bilan suhbatlashdi.

Video: Youtube

Video: mover (tas-IX)

https://mover.uz/video/embed/KalmRcDm/

«Dadam urushda o‘ldi, endi maktabda o‘qimoqchiman»
(Birinchi suhbatdosh Zarina, 11 yoshda)

Samolyotdan tushib kelayotgan bu qizaloqni suhbatga tortar ekanmiz, uning ko‘zlaridagi mung va o‘zi aytib bergan taqdirini eshitib dahshatga tushdik.

«U yoqqa (Suriyaga – tahr.) 3 yil avval dadam, onam bilan ketganmiz. Bu yerga (O‘zbekistonga – tahr.) onam bilan qaytdik. Dadam urushda o‘ldilar. Suriyada maktablar yo‘q edi, endi men ham maktabda o‘qimoqchiman».