«Dok-1 Maks» ishida apellyatsiya yakunlandi, Yunusobodda texnogen suv toshqini ro‘y berdi, Qozog‘iston chegarasida maxfiy tunnel topildi — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.
«Dok-1 Maks» ishi
Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha apellyatsiya instansiyasi bugun, 3 iyul kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisi «Dok-1 Maks» ishida ushbu sud hay’atining 2024 yil 26 fevraldagi hukmini o‘zgarishsiz qoldirdi.
7 nafar sudlanuvchi tomonidan kiritilgan apellyatsiya shikoyati qanoatlantirilmadi.
Farmagentlik sobiq rahbari Sardor Kariyevning onasi Munira Kariyeva tomonidan sudning depozit hisobraqamiga to‘langan 2,5 milliard so‘m mablag‘ jabrlanuvchilarning qonuniy vakillariga teng miqdorda taqsimlanishi belgilandi.
Yunusoboddagi toshqin
Toshkent shahrining Yunusobod tumanida suv o‘tkazgich tarmog‘i yorildi. Hududning katta qismi suv ta’minotidan uzilgan. Ko‘chalarni suv bosgan.
«Toshkent shahar suv ta’minoti» AJ Moyqo‘rg‘on ko‘chasi va Qoraqamish ko‘chalari kesishmasida 1200 mm diametrli katta suv o‘tkazgich quvuri yorilganini aytdi, so‘ngra nosozlik 800 mmli quvurda ekanini aniqlagan.
Yuqori Qoraqamish va Moyqo‘rg‘on ko‘chalarida suv quvuri yorilib toshgani sabab avtotransport vositalarini harakati vaqtinchalik cheklandi.
«Quvur yorilishiga asosiy sabab — yaqin hududda joylashgan qozonxonada vaqtincha elektr energiyasi uzilgani. Shu sababli quvurlarda bosim ko‘tarilib ketgan va quvurlarning ulangan chokidan avariya yuzaga kelgan», deb ma’lum qildi «Toshkent shahar suv ta’minoti» AJ axborot xizmati boshlig‘i Ravshan Yoqubjonov.
Energetika korxonalari esa bu ma’lumotni rad etdi. Energetika vazirligi tizimiga kiruvchi «Toshkent issiqlik markazi» AJning bildirishicha, Yunusoboddagi 4-sonli qozonxonaning elektr ta’minotida 2-3 iyul kunlari «hech qanday uzilish yuz bermagan».














