O‘zbekiston | 16:45 / 29.01.2022
4112
3 daqiqa o‘qiladi

Adliya vazirligi shovqin ta’siri uchun kompensatsiya to‘lovi huquqiy mexanizmini joriy etishni taklif qilmoqda

Adliya vazirligi tomonidan o‘tkazilgan milliy qonunchilik hamda joriy amaliyotni o‘rganish natijalari fuqarolar va jamiyatni shovqindan himoya qilish sohasida qator muammolar mavjudligini ko‘rsatdi. Bu haqda vazirlik Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi ma’lumotida aytilgan.

Foto: Kun.uz

Qayd etilishicha, bugungi kunga qadar mamlakatda zararli shovqin ta’siriga qarshi kurashish masalalarini tartibga soluvchi yagona normativ-huquqiy hujjat qabul qilinmagan.

“Avtomobil transporti to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq avtotransport vositalari xavfsizlik, mehnatni muhofaza qilish, ekologiya, sog‘liqni saqlash va xavfsizlik talablariga, shuningdek, standartlar va texnik shartlarga muvofiqlik sertifikatiga ega bo‘lishi kerak.

Ayni paytda, “tungi vaqt” bo‘yicha yagona tushuncha mavjud emas. Ushbu vaqt Mehnat kodeksi 122-moddasiga muvofiq – soat 22:00 dan 06:00 gacha, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 192-moddasiga muvofiq – 23:00 dan 06:00 gacha, “Turar joy binolarida, jamoat binolari va uy- joy qurilishi hududlarida ruxsat etiladigan shovqin me’yorlaridan oshmasligini ta’minlashga qo‘yiladigan sanitariya qoidalari va normalari”ga (SanPiN 0267-09-son) muvofiq – 23:00 dan 07:00 gacha deb belgilangan.

Bir qator xorijiy mamlakatlarda shovqinga qarshi kurash maxsus qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi. Yaponiyada 1968 yilgi “Shovqinni tartibga solish to‘g‘risida”, AQShda 1972 yilgi “Shovqinni nazorat qilish to‘g‘risida”, Buyuk Britaniyada 1996 yilgi “Shovqin to‘g‘risida” qonunlar mavjud.

O‘rganish natijasida inson salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillardan bo‘lgan shovqinga qarshi kurashni takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi. 

Xususan:

  • shovqinning salbiy ta’siriga qarshi kurashishni yanada puxta va aniq tartibga solish;
  • ruxsat etilgan shovqin darajasiga aniqlik kiritish;
  • belgilangan darajadan ortiq shovqin ta’siri uchun tovon to‘lashning huquqiy mexanizmini yaratish.

Mazkur tavsiyalarni amalga kiritish maqsadida qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish taklif etilmoqda.

Avtomobil yo‘llarida shovqin balandligini o‘lchash asboblarini o‘rnatish imkoniyatlarini o‘rganish tavsiya etilib, shovqinning salbiy ta’siriga qarshi kurashish sohasidagi umumiy vaziyatni yaxshilash bo‘yicha boshqa taklif va tashabbuslar ham mas’ul idoralarga taqdim etilgan.

Mavzuga oid