O‘zbekiston | 11:40 / 23.08.2024
38778
3 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda soqol qo‘ygan 22 yoshli fuqaro ma’muriy javobgarlikka tortildi

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ko‘ra, O‘zbekistonda jamoat joylarida shaxsini identifikatsiya qilish imkonini bermaydigan darajada yuzini to‘sgan holda bo‘lish javobgarlikka sabab bo‘ladi. Kun.uz o‘rgangan sud hujjatidan ma’lum bo‘lishicha, tartibsiz soqol qo‘yish - jamoat joyida shaxsni identifikatsiya qilish imkonini bermaydigan darajada yuzini to‘sish, deya malakalangan.

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 184-4-moddasining dispozitsiyasi – «jamoat joylarida shaxsini identifikatsiya qilish imkonini bermaydigan darajada yuzini to‘sgan holda bo‘lish» – ichki ishlar va sud organlari tomonidan soqol qo‘ygan fuqaroga nisbatan ham qo‘llanmoqda.

Sud hujjatlaridan ma’lum bo‘lishicha, 2024 yil 29 may kuni “diniy muhitni sog‘lomlashtirish” bo‘yicha o‘tkazilgan tezkor-profilaktik tadbirda, Jizzax shahridagi “Ko‘k bozor” hududida “shaxsni identifikatsiya qilish imkonini bermaydigan ko‘rinishda soqol o‘stirib yurgan” 22 yoshli fuqaro aniqlangan.

Joriy yil 13 avgust kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax shahar sudining ochiq sud majlisida sudya S.Rasulov – fuqaroni aybdor deb topib, soqol o‘stirib yurishni MJtKning 184-4-moddasi bilan to‘g‘ri malakalangan deb hisoblagan.

Sud qaroriga ko‘ra, fuqaro S.T. MJtKning 184-4-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybdor deb topilgan va shu modda bilan BHMning besh baravari miqdorida (1,7 mln so‘m) jarimaga tortilgan.

Oliy sud tomonidan e’lon qilingan ushbu moddaga doir sud hujjatlari o‘rganilganida, qonun kuchga kirgan vaqti – 2023 yilda 31 oktyabrdan joriy yil 22 avgustga qadar MJtK 184-4-moddasi bo‘yicha qariyb 800 ga yaqin fuqaro javobgarlikka tortilganini ko‘rish mumkin.

Ma’lumot uchun, 2023 yil 31 oktabr kuni qabul qilingan qonun bilan ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga bir qancha o‘zgartirishlar kiritildi. Xususan, MJtKdan 184-1-modda – fuqarolarning jamoat joylarida ibodat liboslarida yurganlik uchun belgilangan ma’muriy javobgarlik chiqarib tashlandi.

Shu bilan birga, kodeksga 184-4-modda — jamoat joylarida shaxsini identifikatsiya qilish imkonini bermaydigan ko‘rinishda bo‘lish uchun javobgarlik qo‘shildi.

2023 yil noyabrdan kuchga kirgan taqiqqa ko‘ra, jamoat joylarida shaxsini identifikatsiya qilish imkonini bermaydigan darajada yuzini to‘sgan holda bo‘lish — BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi. Bunda ayrim istisnolar bor, masalan tibbiy ko‘rsatmaga asosan yoki yo‘l-transport harakatida xavfsizlikni ta’minlash uchun kiyiladigan maxsus bosh kiyimda yoxud mehnat va xizmat faoliyati bilan bog‘liq hollarda yuzini to‘sgan holda bo‘lish yoki sport va madaniy tadbirlarni o‘tkazish vaqtida ushbu tadbirlar ishtirokchilarining yuzini to‘sgan holda bo‘lishi, shuningdek qonunchilikda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ruxsat etilgan boshqa holatlar mustasno qilingan.

Mavzuga oid