16 yanvar kuni Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri mahalliy hokimliklar bilan videokonferensiyada uchrashib, III chorakni onlayn boshlash masalasini muhokama qilgan.

«Ayni damda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi o’quvchilarni ob-havo sharoitlari barqarorlashguniga qadar vaqtincha onlayn ta’lim tizimiga o’tkazish masalasini ko‘rib chiqmoqda»,– deyiladi vazirlik rasmiy xabarida.

Qayd etilishicha, vazir mahalliy hokimliklar joylardagi umumta’lim muassasalarining tayyorgarlik holatini yana bir bor qayta tahlil qilish zarurligini ta’kidlagan.

Buxoro viloyati hokimligi hududda joylashgan barcha darajadagi ta’lim muassasalari uchun qishki ta’til yana bir bor uzaytirilgani haqida xabar berdi.

«Joriy haftada ham ob-havoda pasayishi kuzatilayotgani, shuningdek, ona-onalarning talab va istaklarini inobatga olib, viloyatdagi maktabgacha, maktab va professional ta’lim muassasalari, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar, oliy o‘quv yurtlarida qishki ta’til 22 yanvarga qadar uzaytirildi», – deyiladi izohda.

Andijon viloyati xalq ta’limi boshqarmasi(hozirgi maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi) ham rasmiy munosabat bilan chiqdi:

«Mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan holda viloyat hududida sovuq ob-havo sharoiti saqlanib qolayotgani tufayli Andijon viloyatidagi ta’lim muassasalarida qishki ta’til 2023 yil 23 yanvarga qadar uzaytirildi. O‘quv mashg‘ulotlari 23 yanvar, dushanba kunidan boshlanadi».

Xorazm viloyatida ham ta’lim muassasalari 23 yanvardan ochiladi. Viloyatdagi bog‘cha, maktab va Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar, shuningdek oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida qishki ta’til 22 yanvarga qadar uzaytirildi. Bungacha ushbu muddat 18 yanvargacha edi.