2021 yilning oktabr oyi. Surxondaryoda o‘g‘irlikda gumon qilingan ikki fuqaro jinoyatni bo‘yniga olishi uchun IIB xodimlari tomonidan qiynoqqa solinadi. Ulardan biri o‘ziga nisbatan elektr toki qo‘llanganini ta’kidlagan.

“Qora paketni olib boshimga kiygizib, bo‘g‘di, nafasim qaytdi. Ulardan to‘g‘ri muomala qilishlarini so‘radim. Xonalarida kamera yo‘qligini aytdim. Shundan keyin bittasi “Senga do‘zaxni ko‘rsataman” dedi. Qo‘rqdim. Matoni kesib, bittasini bilagimga o‘rashdi, qolgani bilan ko‘zim va oyog‘imni bog‘lashdi. O‘sha holatda polga o‘tqazishib, qulog‘imga ikkita kabelni ulashdi. Sheriklari yelka va oyoqlarimdan bosib turdi, biri qandaydir knopkali apparat orqali tokni ko‘paytirib-kamaytirdi. Qulog‘imga ulangan tokning og‘rig‘idan tilimni chaynab tashladim. Undayam bo‘lmay, qo‘l barmoqlarimga ulashdi. Aytganlariday, do‘zaxni ko‘rsatdiyam”, — deya hikoya qilib bergandi o‘shanda qiynoqqa solinganini aytgan Siroj Sherniyozov.

Xorazm viloyati Xazorasp tumani ichki ishlar boshqarmasi tezkor xodimi Dilshod Masharipovning boshidan o‘tkazganlari esa undan ham dahshatliroq. U 2011 yilning 19 dekabr kuni Milliy xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan ishxonasidan jinoyatchilardek ushlab ketilgan. Dilshod Masharipov so‘roq paytida inson zoti chidashi mushkul bo‘lgan shafqatsiz usullar bilan qiynoqqa solingan.

U o‘sha qiynoqlarni shunday eslagan:

“Qop-qorong‘i tergov xonasiga olib kirishdi. Xonadagi ikkita stul, bitta stol yerga sement bilan qotirib tashlangan. O‘rnidan qo‘zg‘atib bo‘lmaydi. Stol ustiga «Kirish bor, chiqish yo‘q. Bu kuningdan o‘lganing yaxshi!» deb o‘yib yozib qo‘yishgan. So‘roq berayotgan shaxs stulga o‘tqazilgach, qo‘llari zanjirlanadi, yerga qoqilgan zanjirlar qo‘lingizni mahkam tortib turadi. Bahodir degan tezkor xodim vakili hech yo‘q be yo‘q peshonamga musht tushirdi. Aybim nima deb so‘ragandim: «Aybing bo‘lmasa, ayb topamiz. Jinoyatchi bo‘lmasang, jinoyatchiga aylantiramiz», dedi. So‘ngra maska kiygan to‘rt xodimga: “Buni o‘ziga keltiringlar”, deb buyurdi. Ular meni devorga suyab, ikki qo‘limdan ushlab turib, dubinka bilan ura boshlashdi. Ikki soatcha azob berishdi. Hattoki, ikki qo‘limni tepaga bog‘lab, moyagimga suv solingan baklajka osib qo‘yishdi. Bu usulni ko‘p marta qo‘llashdi, so‘roq qilinayotgan shaxs og‘riqdan dodlasayam, to u hushdan ketmaguncha olishmaydi”.