09:28 / 20.06.2018
14985

«Sharmandali ikkiyuzlamachilik». AQSh Inson huquqlari bo‘yicha kengashdan nega chiqqani aytildi

Foto: REUTERS

AQSh davlat kotibi Mayk Pompeoning ma'lum qilishicha, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi faoliyati so‘nggi vaqtlarda «sharmandali ikkiyuzlamachilik» misoliga aylanib qoldi. Davlat kotibining bayonoti tvitterda e'lon qilingan.

«BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi sharmandali ikkiyuzlamachilik va tamagirlik misoliga aylanib bo‘ldi», - degan Pompeo AQShning Kengashdan chiqishiga izoh berib.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Kengashda inson huquqlari bilan bog‘liq ko‘plab vaziyatlarga e'tibor qaratilmaydi, huquqlarning buzilishi uchun javobgar bo‘lganlardan ko‘pchiligi esa tashkilotda o‘z o‘rnini saqlab qolmoqda hamda «o‘zining xudojo‘y va mag‘rur» pozitsiyasini ko‘rsatmoqda.

Pompeoning ta'kidlashicha, bunday holat Inson huquqlari bo‘yicha kengash AQSh davlat manfaatlariga zarar yetkazayotganidan dalolat beradi.

«Kimdir qachondir bizning milliy suverenitetimizga zarar yetkazsa, biz jim o‘tirmaymiz», - deya xulosa qilgan Pompeo.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq BMTning inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Zayd Raad al-Husayn AQSh qarori «odamning ko‘nglini qoldirgani» haqida ma'lum qilgandi.

Top