Jahon | 13:27 / 13.03.2021
10320
3 daqiqa o‘qiladi

Jorj Floydning oilasi 27 million dollar tovon puli oladi

Minneapolisda halok bo‘lgan afroamerikalik Floydning oilasiga tovon puli to‘lashga qaror qilindi. Floyd oilasining advokati buni AQSh tarixidagi eng qimmat kelishuv deb atadi.

Foto: Getty Images

Minneapolis shahri ma'muriyati politsiyachi bo‘g‘ib o‘ldirib qo‘ygan Jorj Floydning oilasiga 27 million dollar miqdorida tovon puli to‘laydigan bo‘ldi. Shahar kengashi 12 mart, juma kuni bir ovozdan shunday qarorni ma'qulladi.

To‘lov Floyd oilasi a'zolari sudga da'vo chiqarmasidan avval amalga oshiriladi. “Bu tarixiy kelishuv. AQSh tarixidagi kuch ishlatib o‘ldirish bo‘yicha fuqarolik da'vosi bo‘yicha sudgacha bo‘lgan eng katta kelishuv. Jorj Floydning hayoti ahamiyatga ega bo‘lgan, demakki, qora tanlilar hayoti ham ahamiyatga ega (asli Black Lives Matter – tahr.)”, deya izoh bergan marhumning oilasi advokati Ben Kramp.

Floydning o‘limi va BLM protestlari

Jorj Floyd o‘tgan yil 25 may kuni Minneapolis shahrida politsiya xodimi Derek Shovinning to‘qqiz daqiqa mobaynida uni tizzasi bilan bo‘g‘ib turgani oqibatida vafot etdi. Floydning o‘limi guvohlarning videoyozuvlari tufayli keng muhokamaga sabab bo‘ldi. Asosiy figurantga ikkinchi darajali qotillik aybi, qolgan uch kishiga qotillikka yordam berish aybi qo‘yildi. AQSh qonunchiligiga ko‘ra, ikkinchi darajali qotillik qasddan, lekin avvaldan o‘ylanmagan loqaydlik holatida, jismoniy zarar yetkazish niyatida sodir qilingan bo‘ladi. Barcha ayblanuvchilarga uzoq muddatli qamoq jazolari belgilanishi kutilmoqda. Derek Shovin ustidan sud jarayoni 8 mart kuni boshlangan.

Minnesota shtatining eng yirik shahrida sodir bo‘lgan fojia ortidan mamlakatda Black Lives Matter shiori ostida irqchilikka va politsiya kuch ishlatishiga qarshi norozilik harakatlari avj oldi. Namoyishlar tartibsizlik va politsiya bilan to‘qnashuvlarga aylanib ketdi. Keyinchalik bu kabi namoyishlar boshqa davlatlarda ham kuzatilgandi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid