Yaqinda termizlik o‘quvchi qiz zo‘rlangani, xorazmlik kelinning o‘z joniga qasd qilgani haqidagi xabarlar jamoatchilikni larzaga keltirdi. Xotin-qizlarga nisbatan bo‘layotgan zo‘ravonliklarning sababi nimada? Masala ildizlari qayerda? Biz Toshkent davlat yuridik universitetida gender tengligi masalalari bo‘yicha mustaqil izlanuvchi Kamola Aliyeva bilan jamiyatda zo‘ravonlik nima uchun normal qabul qilinishi, xotin-qizlar huquqlari, OAVda jinsiy zo‘ravonlik targ‘iboti va boshqa muhim masalalar yuzasidan suhbatlashdik.

Maishiy zo‘ravonlik nima degani?

 Oilaviy maishiy zo‘ravonlik - bu oila a'zolari tomonidan bir shaxsga iqtisodiy, ruhiy, jismoniy yoki jinsiy zo‘ravonlikni amalga oshirish yoki amalga oshirish bilan tahdid qilish tushuniladi. Victim blaming (inglizchadan) esa zo‘ravonlik qurbonini ayblash, ya'ni zo‘ravonlik sodir etilganda aybi borligini aytish, psixologik bosim o‘tkazishdir. Shaming - bu uyaltirish. Markaziy Osiyo davlatlarida uyaltirish madaniyati juda kuchli. Agar qiz bola yoki ayol kishi jinsiy yoki jismoniy zo‘ravonlik qurboni bo‘lsa, uni uyaltirish holatlari ham bo‘ladi. Oiladagi zo‘ravonlikka chidashni xohlamasa ham uyaltiriladi. 

Masalan, "Sevimli" telekanalida "Mahallada duv-duv gap" ko‘rsatuvida sevgan yigiti bilan munosabatda bo‘lib, jismoniy va jinsiy zo‘ravonlikka uchragan qiz ishtirok etdi. Zo‘ravonlikka uchraganlik holati chetda qolib uni barcha ekspertlar uyaltirishi – shaming amalga oshirilgan. Zo‘ravonlik holatida ham uni ayblash, ya'ni victim blaming ham sodir bo‘ldi. 

"Afsuski, bizda oiladagi zo‘ravonlikka uy ichidagi muammo sifatida qaraladi"

Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekistonda zo‘ravonlik “madaniyati” shakllanib ulgurgan. Oilada sodir bo‘ladigan har qanday zo‘ravonlikka uy ichidagi muammo, oilaviy masala sifatida qaraladi. Nafaqat jamiyat, qo‘shnilar yoki qarindoshlar, balki mahalla, huquq-tartibot organlari ham zo‘ravonlikni oilaviy masala sifatida ko‘rishadi.