Iqtisodiyot va moliya vazirligi 9 oylik budjet ijrosi bo‘yicha ma’lumot berdi.
Hisobot davrida konsolidatsiyalashgan budjet daromadlari 272,1 trln so‘mni, xarajatlari esa 307,9 trln so‘mni tashkil etgan. Taqchillik – 35,8 trln so‘m yoki YaIMning 2,5 foizi.
Ma’lumot uchun, 2024 yil uchun konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligi 52,6 trln so‘m miqdorida tasdiqlangan.

Yanvar-sentabr oylarida davlat budjeti daromadlari 193,6 trln so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 19,1 foizga o‘sgan. Daromadlar quyidagi manbalar hisobidan shakllangan:
- bevosita soliqlar – 64,1 trln so‘m;
- bilvosita soliqlar – 62,3 trln so‘m;
- resurs to‘lovlari va mulk solig‘i – 26,5 trln so‘m;
- boshqa daromadlar – 40,7 trln so‘m.

Hisobot davrida davlat budjeti xarajatlari 219,3 trln so‘m bo‘lgan va o‘tgan yilning 9 oyiga nisbatan xarajatlar 8,9 foizga oshgan. Budjet xarajatlarining iqtisodiy tasnif bo‘yicha ijrosi quyidagicha bo‘lgan:
- ish haqi – 71 trln so‘m;
- kapital qo‘yilmalar – 9,4 trln so‘m;
- asosiy vositalar xarid qilish bo‘yicha xarajatlar – 3,3 trln so‘m;
- subsidiyalar – 19,8 trln so‘m;
- ijtimoiy nafaqalar – 13,6 trln so‘m;
- transfertlar – 23,4 trln so‘m;
- ijtimoiy ajratmalar – 17,7 trln so‘m;
- tovar va xizmatlar xarid qilish – 18 trln so‘m;
- foiz to‘lovlari – 9,6 trln so‘m.

Mahalliy budjetlarning moliyaviy holati
2024 yilning 9 oyida mahalliy budjet daromadlari va xarajatlari o‘rtasidagi salbiy farq 19,9 trln so‘mni tashkil etgan.




















