Jahon | 14:23 / 25.06.2020
15538
3 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda yana shaharlar yopilmoqda, poytaxtda pnevmoniya holatlari ham o‘smoqda

Payshanba kuni Nur-Sulton shahri jamoatchilik sog‘ligi muhofazasi boshqarmasi rahbari Saule Kisikova Qozog‘iston poytaxtida koronavirus yana avj olishi fonida pnevmoniya holatlari ham o‘sayotgani haqida ma'lum qildi.

Foto: REUTERS/Pavel Mikheyev

Saule Kisikova brifingda ma'lum qilishicha, pnevmoniyadan shikoyat qilib murojaat qilayotganlar soni odatdagi kunlik 80 holatdan kuniga 600tagacha yetgan.

«Har kuni shahardagi statsionarlarga koronavirus va pnevmoniya bilan o‘rtacha 350-400 bemor yotqizilmoqda», degan u. Qo‘shimcha qilinishicha, Nur-Sultonda kuniga o‘rtacha 150 kishi koronavirusdan zararlanish tashxisi bilan olib kelinmoqda.

«Bir hafta ichida bemorlar soni (shifoxonalarda) ikki barobar oshdi», degan u.

1,1 million kishi yashaydigan shahardagi davlat poliklinikalari bu haftada boshqa bemorlar uchun yopilgan, shifokorlar va tez yordam xizmatlari xodimlari COVID-19 bo‘yicha chaqiruvlarga jalb etilgan.

O‘tgan oy oxirida favqulodda rejimidan chiqqan Qozog‘istonda yana karantin cheklovlari joriy etildi, savdo markazlari, bozorlar va xiyobonlar faoliyati to‘xtatilgan.

24 iyun kuni mamlakat markazidagi ikkita sanoat shahri - Kokshetau va Stepnogorsk yopildi, ushbu shaharlarga kirish va chiqishda blokpostlar o‘rnatildi.

«Shaharga faqat muayyan toifadagi shaxslar kirishi mumkin... Soat 22.00dan soat 06.00gacha Kokshetau va Stepnogorskda aholi va avtomashinalar harakati taqiqlanadi», deyiladi Oqmola oblasti bosh sanitar vrachi xabarida.

Rossiya va Xitoy bilan chegaradosh bo‘lgan bu mamlakatda may oyi o‘rtalarida karantin cheklovlari yumshatila boshlagandi, ammo shundan keyin virus ustidan nazoratni davom ettirish rejasi muvaffaqiyatli amalga oshmadi.

25 iyun kuni holatiga ko‘ra, Qozog‘istonda koronavirusdan zararlanish bilan bog‘liq 31962 holat qayd etilgan, shundan 12 677 bemorda simptomlar kuzatilmagan. Shu vaqtgacha 136 kishi infeksiya tufayli vafot etdi.

Bu mamlakatda ham kunlik holatlar soni o‘sishi tempi pasaygandi - 31 may kuni 450 kishida kasallik aniqlangan bo‘lsa, 1 iyun kuni yangi holatlar soni 263taga tushgan, pasayish 8 iyungacha davom etib, 165tani tashkil etgan, shundan keyin ko‘tarilish ro‘y berib, 12 iyun kuni yangi holatlar soni yana 300dan oshgan. 22 iyun kuni esa kunlik o‘sish 500dan oshdi, 24 iyun kuni 534 kishida virus aniqlandi, 25 iyun kuni tongida yana 520 kishiga virusdan zararlanish tashxisi qo‘yilgan.

Mavzuga oid