Bugun O‘zbekiston terma jamoasi Janubiy Koreyaga qarshi maydonga tushadi
13 oktabrdan buyon Avstraliyada o‘quv mashg‘ulotlarini olib borayotgan O‘zbekiston terma jamoasi bugun yig‘in doirasidagi asosiy o‘rtoqlik uchrashuvida Janubiy Koreya termasiga qarshi maydonga tushadi.
Bugungi raqiblar o‘tgan hafta Avstraliyadagi yig‘ini davomida bittadan o‘yin o‘tkazib bo‘lishdi. Ektor Kuper jamoasi 15 noyabr kuni Livan bilan golsiz durang o‘ynadi, koreyslar esa mezbon mamlakat terma jamoasi bilan o‘rtoqlik o‘yinining so‘nggi soniyalarida gol o‘tkazib yuborib, g‘alabani boy berdi – 1:1.
Janubiy Koreya O‘zbekiston terma jamoasining eng asosiy va eng noqulay raqiblaridan biri sanaladi. Jamoalar o‘zaro 15 marta o‘yin o‘tkazgan bo‘lib, ularning 10 tasida koreyslarning qo‘li baland kelgan, yana 4 uchrashuvda murosaga kelingan. O‘zbekistonning yagona g‘alabasi 1994 yilga borib taqaladi. O‘shanda tomonlar Xirosimadagi Osiyo o‘yinlari yarim finalida ilk marotaba to‘qnash kelgan, o‘yin 1:0 hisobida o‘zbekistonliklar foydasiga yakun topgandi.
Jamoalarning oxirgi o‘yinlari JCh-2018 saralashi doirasida kechgan: Seuldagi o‘yin 2:1 hisobida mezbonlarning g‘alabasi bilan tugagan, Toshkentdagi javob o‘yinida hisob ochilmagan edi. O‘tgan yilning sentabr oyidagi o‘sha bahsdan so‘ng Samvel Babayan jamoasi mundial uchun kurashdan chiqqan.
2011 va 2015 yilgi Osiyo kuboklarida O‘zbekiston so‘nggi o‘yinini Janubiy Koreyaga qarshi o‘tkazganini qayd etish kerak. Qatardagi chempionatning uchinchi o‘rni uchun kechgan bahsida Koreya 3:2 hisobida ustun kelgan; Avstraliyada o‘tgan qit'a birinchiligining nimchorak finalidagi o‘yin qo‘shimcha bo‘limlarda ham davom etgan, yakunda O‘zbekiston 0:2 hisobida yengilgan.
Jamoalarning so‘nggi 3ta o‘yinidan 2tasida kuch teng kelgan. Umumiy to‘plar nisbati 14-30, koreyslar foydasiga.
O‘n oltinchi uchrashuv bugun, Brisbendagi «Queensland Sport and Athletics Centre» stadionida, Toshkent vaqti bilan 15:00da (mahalliy vaqt bilan 20:00) boshlanadi.
O‘yinni avstraliyalik hakamlar brigadasi boshqarib boradi: Kris Bit bosh hakam sifatida ishlasa, unga qanotlarda Eshli Bichem va Anton Shetinin yordam beradi. To‘rtinchi hakam – Piter Grin. Shuningdek, uchrashuvda VAR texnologiyasidan ham foydalaniladi. Tizimni qo‘llash bo‘yicha hakam Jarred Gilletga hamyurti Richard Naumovski assistentlik qiladi.
O‘rtoqlik bahsi «Sport» telekanali orqali jonli efirda namoyish etilishi mumkin, translyatsiya masalasi o‘yinga bir soat qolganida ma'lum bo‘ladi.
Mavzuga oid
17:43 / 25.12.2024
Janubiy Koreya “o‘ta qari jamiyat” deb tan olindi
17:35 / 25.12.2024
Janubiy Koreyaning lavozimidan vaqtincha chetlatilgan prezidenti yana so‘roqqa kelmadi
19:15 / 23.12.2024
KXDR Rossiya-Ukraina urushida mingdan ortiq harbiysidan ayrilgani ma’lum qilindi
16:31 / 18.12.2024