Iqtisodiyot | 13:28 / 16.04.2024
8958
7 daqiqa o‘qiladi

Jahon banki va Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekiston iqtisodiyoti bo‘yicha yangi prognozlarni taqdim etdi

O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sish sekinlashishi kutilmoqda. Jahon banki uch oy oldingi prognozini 0,2 foiz bandga pasaytirib, 5,3 foiz deb belgiladi. Osiyo taraqqiyot banki esa 5,5 foizlik o‘sishni kutmoqda. Har ikki tashkilot energetikada kutilayotgan narxlar oshishi uy xo‘jaliklarining daromadlariga ta’sir qilishini qayd etdi.

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti o‘sishi 2023 yildagi 6 foizlik ko‘rsatkichdan keyin 2024 yilda biroz sekinlashishi kutilmoqda.

Hukumat joriy yilda 5,6–5,8 foizlik iqtisodiy o‘sishni prognoz qilgan. Xalqaro moliyaviy institutlarning kutilmalari bundan biroz farq qiladi.

Jahon banki o‘tgan hafta e’lon qilgan yangi hisobotida 2024 yilda O‘zbekiston YaIM o‘sishi bo‘yicha o‘z prognozini yanvar oyida e’lon qilingan prognoz ko‘rsatkichdan 0,2 foiz bandga pasaytirib, 5,3 foiz deb belgiladi. Kecha, 15 aprel kuni esa Osiyo taraqqiyot banki joriy yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti 5,5 foizga o‘sishini taxmin qildi.

Jahon banki kutilmalari

Jahon bankining “Yevropa va Markaziy Osiyo iqtisodiyotlari sharhi” nomli yangi hisobotida keltirilishicha, O‘zbekistonda kutilayotgan fiskal konsolidatsiya choralari hamda mamlakatning asosiy tashqi savdo hamkorlari bo‘lgan Rossiya va Xitoyga eksport o‘sishi sur’atlarining sekinlashishi ehtimolini hisobga olgan holda, YaIM o‘sishi 2024 yilda 5,3 foizni tashkil etadi.

Iqtisodiy o‘sish asosan tuzilmaviy islohotlarning davom etishi hisobiga qo‘llab-quvvatlanadi. Xususan, bunga davlat korxonalarini restrukturizatsiya qilish va davlat aktivlarini xususiylashtirish, shuningdek, energetika sohasini rivojlantirishga yirik sarmoyalar kiritish ta’sir ko‘rsatadi.

Energetika sohasida tariflarni isloh qilish bilan bog‘liq ravishda ichki energiya bozorida narxlarning nisbatan keskin oshishi hisobiga 2024 yilda inflatsiyaning oshishi kutilmoqda (ushbu jarayon aholining kam ta’minlangan qatlamlarini ijtimoiy himoya bilan qamrab olish choralari bilan birga amalga oshiriladi). Bu to‘laqonli inflyatsion targetlashga o‘tishni yakunlayotgan O‘zbekiston Markaziy bankining qat’iy pul-kredit siyosati bilan qisman qoplanadi. O‘rta muddatli istiqbolda inflatsiya 8 foizgacha sekinlashishi kutilmoqda, bu esa Markaziy bankning 5 foizlik maqsadli ko‘rsatkichidan yuqori, deyiladi hisobotda.

Ta’kidlanishicha, 2024 yilda import o‘sishi sur’atlari mo‘’tadil bo‘lishi kutilmoqda. Biroq ayrim tovarlar importi iqtisodiyotning turli tarmoqlarini modernizatsiya qilish va aholining o‘sib borayotgan iste’molini qondirish uchun foydalanilishini hisobga olsak, import o‘sishi sur’ati barqaror bo‘lib qoladi.

Prognozlarga ko‘ra, 2024 yilda pul o‘tkazmalari hajmi asosan Rossiyaga boradigan mehnat muhojirlari sonining qisqarishi kutilayotgani hisobiga kamayadi. Pul o‘tkazmalarining kamayishi va importning ko‘payishi bilan joriy hisob taqchilligi biroz oshadi, lekin barqaror bo‘lib qoladi, chunki O‘zbekiston iqtisodiyotini isloh qilish jarayoni xorijiy moliyalashtirishni jalb qiladi. Ushbu mablag‘lar joriy hisob taqchilligini qoplashga yo‘naltiriladi.

Kambag‘allik darajasi 2023 yildagi 4,5 foizdan 2024 yilda 4,3 foizgacha qisqarishi kutilmoqda (daromadi o‘rtadan past bo‘lgan mamlakatlar uchun 2017 yil narxlaridagi xarid qobiliyati paritetiga ko‘ra kuniga 3,65 AQSh dollari miqdoridagi xalqaro kambag‘allik chegarasi bo‘yicha baholanadi).

2024 yilda budjet taqchilligi YaIMning 4,2 foizigacha, 2026 yilda esa 3 foizigacha kamayishi kutilmoqda. Ushbu ko‘rsatkichlarga yirik energetika subsidiyalarini va davlat korxonalarini rag‘batlantirish bo‘yicha samarasiz chora-tadbirlarni bekor qilish, shuningdek, davlat aktivlarini xususiylashtirishda davom etish orqali budjet daromadlarini ko‘paytirish hisobiga erishish rejalashtirilgan.

Hukumat tashqi qarzlar bo‘yicha o‘z cheklovlariga rioya qilishi kutilmoqda (“Davlat qarzi to‘g‘risidagi” qonunga muvofiq, davlat qarzining yalpi ichki mahsulotga nisbatan maksimal miqdori YaIMning 60 foizidan oshmasligi belgilangan). Shu bilan birga, davlat qarzi 2024 yilda YaIMga nisbatan 36,5 foizgacha oshadi va 2026 yilga borib 34,4 foizgacha pasayadi.

Jahon bankining qayd etishicha, O‘zbekistonning asosiy tashqi savdo hamkorlari bo‘lgan Rossiya va Xitoyda iqtisodiy o‘sish sur’atlarining sekinlashishi, shuningdek, xalqaro moliya bozorlaridagi vaziyatning kutilganidan ko‘ra keskinroq bo‘lishi prognozning yanada pasayishiga olib kelishi mumkin.

Ichki xatarlar esa davlat korxonalari va banklar tomonidan, shuningdek, davlat-xususiy sheriklik asosidagi loyihalarni amalga oshirish doirasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan moliyaviy majburiyatlarning oshishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Mamlakat uchun potensial ijobiy tendensiyalar sifatida oltin va misning jahon bozorlaridagi narxlari oshishi (O‘zbekiston ushbu tovarlar eksportchisi hisoblanadi), shuningdek, hukumatning tuzilmaviy islohotlari oqibatida iqtisodiyot tarmoqlaridagi unumdorlik o‘sishining tezlashishi sanab o‘tilgan.

Osiyo taraqqiyot banki kutilmalari

Osiyo taraqqiyot banki o‘zining “Osiyo taraqqiyotining 2024 yil uchun sharhi” nomli hisobotida qayd etishicha, joriy yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti o‘sishining sekinlashishi tartibga solinadigan narxlar o‘sishining uy xo‘jaliklari daromadiga ta’siri bilan bog‘liq bo‘ladi. Bu ta’sir iste’mol talabining pasayishiga olib kelishi mumkin.

OTBga ko‘ra, O‘zbekiston YaIM o‘sishi 2024 yilda 5,5 foiz, 2025 yilda 5,6 foiz bo‘lishi kutilmoqda.

Qayd etilishicha, 2024 yilda o‘sish sur’atlarining prognoz qilinayotgan sekinlashishiga qaramay, iqtisodiy kutilmalar ehtiyotkor-optimistik bo‘lib qolmoqda. Xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi sohalarida o‘sish sur’ati sekinlashishi, xususiy iste’mol va investitsiyalar ham biroz sur’atini yo‘qotishi taxmin qilinyapti.

Energetika sohasidagi tizimli islohotlar va pul-kredit siyosatining qattiqlashuvi o‘rtasidagi balans natijasida inflatsiya sur’atlari barqaror saqlanib qolishi kutilyapti, deyiladi OTB hisobotida.

Kuzatuvchilar fiskal siyosat qiyinchiliklarga duch kelayotganiga e’tibor qaratgan: tarkibiy islohotlar va ijtimoiy xarajatlarning ko‘payishi fiskal konsolidatsiya va budjet taqchilligini kamaytirishga qaratilgan sa’y-harakatlarni cheklashi mumkin. Shu sababli budjet defitsiti yuqori bo‘lishi, importning o‘sishi va xorijdan keladigan daromadlarning kamayishi hisobiga joriy hisob balansi taqchilligi ham oshishi kutilmoqda.

Mavzuga oid