O‘zbekiston | 12:04 / 26.07.2024
8171
2 daqiqa o‘qiladi

Adolatsiz qaror chiqargan sudya 4 yilga ozodlikdan mahrum qilindi

Nurafshon tumanlararo ma’muriy sudi sudyasi jinoiy jazoga tortildi. U ommaviy-huquqiy nizolar bilan bog‘liq ishlarni ko‘rish vaqtida 27 ta holatda adolatsiz qaror chiqargan.

Nurafshon tumanlararo ma’muriy sudi sudyasi A.A. adolatsiz qaror chiqargani uchun sudlanib, ozodlikdan mahrum etildi. Kun.uz sud hukmi bilan tanishdi.

Sud hujjatida keltirilishicha, 50 yoshli A.A. Nurafshon tumanlararo ma’muriy sudining sudyasi lavozimida ishlab, ommaviy-huquqiy nizolar bilan bog‘liq ishlarni ko‘rish vaqtida o‘z mansab vakolatlarini suiiste’mol qilgan. U 2021-2022 yillar davomida 27 ta holatda Yer kodeksi, prezident, Vazirlar Mahkamasining tegishli farmon va qarorlari talablariga zid ravishda hokimlik hamda kadastr idoralarining yer (bino-inshootlar) bilan bog‘liq qarorlarini haqiqiy emas deb topib, ular zimmasiga majburiyatlar yuklash haqida adolatsiz hal qiluv qarorlari qabul qilgan.

A.A. tomonidan qabul qilingan ushbu 27 ta hal qiluv qarorining barchasi Toshkent viloyat ma’muriy sudi apellyatsiya instansiyasi qarorlari bilan bekor qilingan.

Sudya o‘zi sudlanuvchi sifatida ishtirok etgan sud majlisida aybiga iqror bo‘lmasdan, faoliyati davomida ishlarni ko‘rishda tegishli protsessual normaga tayangan holda qonunga amal qilganini, xolis yondashganligini bildirgan. U mazkur hal qiluv qarorlarini qabul qilishida hech qanday moddiy manfaatdorlik bo‘lmaganligini aytib, suddan adolatli hukm chiqarishni so‘ragan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tuman sudining 2024 yil 4 iyuldagi hukmi bilan A.A. Jinoyat kodeksining 231-moddasi 1-qismi (Oldindan bila turib, adolatsiz hukm, hal qiluv qarori, ajrim yoki qaror chiqarish) bilan aybli deb topilgan. Unga 2 yil sud idoralarida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jazoni manzil koloniyalarida o‘tash belgilangan.

Mavzuga oid