O‘zbekiston | 09:14 / 17.07.2024
5423
2 daqiqa o‘qiladi

Tadbirkorlarga qonunchilikda taqiqlanmagan har qanday faoliyatni amalga oshirish huquqi beriladi

Parlament majlisida “Tadbirkorlik kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Foto: Qonunchilik palatasi

Qonunchilik palatasining 16 iyuldagi majlisida “Tadbirkorlik kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Tadbirkorlik kodeksi loyihasiga 100 ortiq qonunchilik hujjatlarini unifikatsiya qilish orqali tadbirkorlik sohasidagi munosabatlarni yagona hujjat bilan tartibga solish, davlatning tadbirkorlik sohasiga aralashuvini kamaytirish, shuningdek, tadbirkorlik huquqi sohasida yagona yondashuvni belgilash ko‘zda tutilmoqda.

Kodeks loyihasi bilan tadbirkorlik faoliyatining qonuniylik, tadbirkorlik erkinligi, sub’yektlar tengligi, halol raqobat, vijdonlilik prezumpsiyasi, korrupsiyadan xolilik kabi asosiy prinsiplari mustahkamlanmoqda. Tadbirkorlik sub’yektlari kichik, o‘rta va yirik toifalarga ajratilmoqda (amalda toifa sifatida faqat kichik tadbirkorlik sub’yekti mavjud edi).

Tadbirkorlikni davlat tomonidan tartibga solishning chegaralari hamda tartibga solish shakllari ko‘zda tutilmoqda. 39 ta davlat organining 147 ta nazorat funksiyalari va Biznes-ombudsmanni xabardor etish tartibida o‘tkaziladigan 20 turdagi tekshiruvlar ro‘yxatlari mazkur kodeksga ilova sifatida tasdiqlanib, ro‘yxatga kiritilmagan barcha tekshiruvlar Biznes-ombudsman bilan kelishilgan tartibda amalga oshirilishi taklif etilmoqda.

Shu bilan birga, kodeks loyihasi bilan xalqaro standartlarga muvofiq ayollar va yoshlar tadbirkorligi hamda ularni qo‘llab-quvvatlash tizimi joriy etilmoqda. Ijtimoiy tadbirkorlik, ijtimoiy korxona, aholining ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlari, ularni qo‘llab-quvvatlash mexanizmi belgilanmoqda.

Kodeks loyihasida yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan amalga oshirilishi bilan mumkin bo‘lmagan faoliyat turlarini belgilagan holda ularga qonunchilikda taqiqlanmagan har qanday faoliyatni amalga oshirish huquqi berilmoqda.

Mavzuga oid