Jamiyat | 19:06 / 22.03.2022
55963
2 daqiqa o‘qiladi

Kooperatsiya: nima u? | Kun.uz multfilm

Farovon yashash uchun odamlar doim tadbir ko‘rishgan – tadbirkorlik qilishgan. Biroq bir kun kelib alohida-alohida emas, balki birlashib harakat qilish yaxshiroq ekanini, aynan birlashib harakat qilganda ko‘proq foyda olish, vositalardan birgalikda foydalanish mumkinligini anglashgan. Bu iqtisodiyotda kooperatsiya deyiladi.

Kooperatsiyaning mohiyati shundaki, bunda odamlar O‘Z XOHIShIGA BINOAN, foydasini ko‘zlab birlashishadi, buyruqqa binoan emas. Chunki buyruq bilan bo‘lsa, bu kooperatsiya bo‘lmaydi. Allambalo boshqa narsa bo‘ladi.

Deylik, dehqonlar ayri-ayri dehqonchilik qilishadi. Biir kun kelib birlashib harakat qilishsa yaxshiroq foyda olishlarini anglashadi va harakatlarini, vositalarini birlashtirishadi. Va... ishlari yurishadi. Chunki bu yerda... ongli ravishda, foydani ko‘zlab birlashish yuz berdi.

Ya’ni haqiqiy kooperatsiya faqat va faqat birlashish foyda keltirganda, tomonlar shu foydani ko‘ra olishganda yuz beradi.

Tabiiyki, ishlar kooperatsiyagacha yetib borishi uchun tomonlar erkin, o‘z xo‘jaligining haqiqiy egasi bo‘lishi kerak. Tasavvur qiling, hokimlar bularning boshi ustida buyruq berib tursa, vositalariga xo‘jayinlik qilib tursa... bular kooperatsiya haqida o‘ylay olishadimi? Heh, yo‘q albatta! Bularning g‘ami bitta bo‘ladi – hokimning zug‘umidan qutulish.

Ha, darvoqe, yana bir narsa – ishlar kooperatsiyagacha yetib borishi uchun... vaqt kerak. Bular hokimlarning zo‘ravonligidan qutulgandan keyin o‘zlariga kelishi, erkinlik nima ekanini his qilishlari, xullas, ust-boshlarini qoqib olishlari kerak. Shundan keyingina kooperatsiya haqida o‘ylay boshlashadi. Buni hisobga olish kerak.

Shokir Sharipov

Mavzuga oid