O‘zbekiston taraqqiyotiga oid qator yo‘nalishlarni qamrab olgan davlat dasturiga ko‘ra, 2021 yilning 1 mayiga qadar So‘z erkinligini ta'minlash va ommaviy axborot vositalarini har tomonlama rivojlantirish uchun huquqiy asoslarni yanada kuchaytirish bo‘yicha prezident qarori loyihasi ishlab chiqilishi kerak edi. Bu masala bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar bilan tanishish uchun Prezident administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi matbuot xizmatidan izoh oldik.

Davlat dasturida belgilangan loyiha bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar

Mazkur topshiriq bo‘yicha «Ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash hamda davlat organlari va tashkilotlari ochiqligini ta'minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi prezidenti qarori loyihasi ishlab chiqildi. Hozirda loyihani mutasaddi tashkilotlar bilan kelishuv jarayoni davom etmoqda.

Kutilayotgan yangiliklar, OAV uchun imtiyozlar

Loyihada agentlikka axborot va so‘z erkinligini, davlat organlari faoliyatining ochiqligini ta'minlash, ommaviy axborot vositalarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash sohasida amalga oshirilgan ishlar holati yuzasidan yiliga ikki marta O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga axborot kiritib turish mas'uliyati yuklanmoqda.

Shuningdek, loyihaga ko‘ra ommaviy axborot vositalariga bir qancha soliq imtiyozlari va preferensiyalar belgilanmoqda. Masalan:

  • ommaviy axborot vositalaridan undiriladigan foyda solig‘i;
  • ommaviy axborot vositalaridagi reklama uchun qat'iy belgilangan qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi;
  • ommaviy axborot vositalari tahririyatlarida faoliyat ko‘rsatayotgan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan imtiyozlar;
  • davriy bosma nashrlar hamda ularning muassislari tomonidan chet eldan import qilinadigan gazeta va ofset qog‘ozlarni, matbaa uskunalarini olib kirish uchun bojxona to‘lovlari (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlardan tashqari) kamaytirilishi;
  • ommaviy axborot vositalari tahririyatlari uchun davlat mulki obekti uchun ijara to‘lovi ushbu obektga nisbatan eng kam ijara to‘lovi stavkasidan ham kamaytirilishini nazarda tutuvchi me'yorlar o‘rin olgan.

Aytib o‘tish joizki, ishlab chiqilgan loyiha davlat organlari va tashkilotlarining jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan o‘zaro hamkorligini mustahkamlash, ularning faoliyati ochiqligini ta'minlashga qaratilgan normalar bilan boyitilgan.