Jamiyat | 10:10 / 05.12.2019
10509
6 daqiqa o‘qiladi

Nafas olishdan mahrum murg‘ak go‘dak saxovatli insonlar ko‘magiga muhtoj

Tahririyatga Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida yashovchi Safiya Abdialimova bir yildan beri betob yotgan farzandi uchun ko‘mak so‘rab murojaat qildi.

Uning aytishicha, o‘g‘li Hakimjon shamollash oqibatida kutilmaganda komaga tushib, yarimjon bo‘lib qolgan.

«2018 yilning sentyabrida farzandim shamollab, har zamonda isitmasi chiqa boshladi. O‘shanda bolam 2 yoshu 2 oylik edi. Qaynonamga do‘xtirga olib boraylik desam «Biz ham bola boqqanmiz, sal narsaga do‘xtirga yugurib boravermaslik kerak!» deb koyib berdi», deydi Hakimjonning onasi.

Safiyaning so‘zlariga ko‘ra, o‘g‘lida 2018 yil 27 sentabr kutilmaganda bolada talvasa (sudorgi) boshlanib, komaga tushib qolgan. Shundan keyin ona o‘g‘lini olib poliklinikaga borgan, u yerdan tez yordam mashinasida tuman markaziy shifoxonasiga ketishgan. Hakimjon shifoxonaning reanimatsiya bo‘limida 3 hafta komada yotgan. Bolaning burun va tomoq yo‘li yopilib qolgani uchun shifokorlar bo‘g‘zidan teshib ochib, trubka ulab qo‘yishgan.

«Bolam nafas ololmay harakatsiz va hushsiz komada yotgan vaqtda xo‘jayinim va qaynonam «Endi umid yo‘q, odam bo‘lmaydi», deya shifoxonadan chiqib ketishganicha qaytishmadi. Hozir bemor farzandim bilan ota-onamnikida yashayapman», deydi ona.

Hakimjon bir yildan beri faqat tomog‘idagi trubka orqali nafas oladi. Burun va tomoqdagi nafas yo‘li berkilib qolgan. Tabiiy nafas ololmagani bois trubkasida balg‘am to‘planib qoladi. Onasi maxsus apparatda har 5-10 daqiqada trubkani tozalab turmasa bola nafas ololmay bo‘g‘ilib qoladi.

«Farzandim hozirgacha o‘tirolmaydi, o‘rnidan turolmaydi, yurolmaydi. Bo‘ynidagi trubka sababli faqat yotadi. Zo‘rg‘a nafas oladi. Kechasi uxlolmaydi. Tinchlantiruvchi dori berib uxlatamiz. Tabiiy nafas ololmagani bois trubkasida balg‘am to‘planib qoladi. O‘zim uyda apparatda har 5-10 daqiqada trubkani tozalab o‘tiraman, bo‘lmasa nafas ololmay bo‘g‘ilib qoladi. Har o‘n besh kunda Buxoroga borib trubkasini almashtirib kelamiz. Hech kimning farzandiga bunaqa dardni ravo ko‘rmayman», deydi ayol.

Safiyaning so‘zlariga ko‘ra, Hakimjonning kasalini O‘zbekistonda davolashning imkoni yo‘q. Toshkentga bemorlarni ko‘rikdan o‘tkazishga kelgan hindistonlik shifokorlar uch bosqichli jarrohlik operatsiyasi orqali bolaning nafas yo‘lini ochish mumkin deb aytishgan. Shundan beri onaning ko‘nglida umid paydo bo‘lgan. Biroq jarrohlik amaliyoti uchun 12 ming dollar kerak. Bundan tashqari, Hindistonga borish-kelish, dori-darmon, tarjimon xarajatlari bor. Ayni paytda bolani yolg‘iz katta qilayotgan ona uchun bu pulni topish imkonsiz. Shu sababli u saxovatpesha yurtdoshlarimizning ko‘magiga muhtoj.

«Bir yildan beri bolamning ovozini eshitmadim. Shu tuzalib ketsa boshqa hech narsa kerak emas. Bittagina farzandimning boshqa bolalar kabi erkin nafas olishi uchun yordam beringizlar. Sizlarni bir umr duo qilaman. Sizlar uchun bir umr qo‘lim duoda bo‘ladi», deya zorlanadi onaizor.

Saxiy yurtdoshlarimizni Hakimjonning shifo topishiga o‘z hissangizni qo‘shishdek xayrli ishga chorlab qolamiz. Bugun qilgan yaxshiliklaringiz oxiratingizga zamin bo‘lsin.

Hakimjonning onasi Safiya Abdialimova nomiga ochilgan karta

Click/PayMe:

8600 0602 5046 3610 (Xalq banki)

Viza karta:

4143 8100 7001 2028

Xorijdan mablag‘ yubormoqchi bo‘lganlar uchun Safiya Abdialimovaning pasport ma'lumotlari: Abdialimova Safiya Baxtiyor qizi AB 9607789

Jamshid Niyozov

Kun.uz muxbiri

Hurmatli "UZCARD" kartochka egalari! "UZCARD" tizimi sizni ogohlantiradi!

Hech kimga va har qanday vaziyatda plastik kartangizga taalluqli ma'lumotlarni, ayniqsa telefon raqamingizga kiruvchi SMS xabarlarni (masalan, To'lovni tasdiqlash kodi: 123456. Kodni hech kimga bermang" yoki "Kod oplati. Nikomu ne soobshayte etot kod. 123456") oshkor qilmang. Sizga yordam pulini plastik kartochkasidan o‘tkazib berayotgan noma'lum shaxs telefon orqali murojaat qilib mobil telefoningizga kelib tushayotgan SMS — kodlar to‘g‘risidagi ma'lumotlarni bilmoqchi bo‘layotganini sezgan bo‘lsangiz, bilingki ushbu shaxs firibgarlik yo‘li bilan kartochka hisob raqamingizdagi pul mablag‘larini o‘g‘irlashga urinmoqda. Agar karta hisob raqamingizdan pul mablag‘lari o‘g‘irlanayotganini sezgan bo‘lsangiz, darhol kartochkangizni olgan bankingizga kartani bloklash uchun murojaat qilishingiz yoki ushbu amaliyotni bevosita o‘zingiz mobil yoki veb ilovada bajarishingiz mumkin.

Mavzuga oid