«Assalomu alaykum, hurmatli tahririyat a'zolari. Bugun yurtimizda juda katta o‘zgarishlar yuz bermoqda. Tadbirkorlar uchun imkoniyatlar yaratilmoqda. Shu xalq uchun zavod fabrikalar qurib aholini ish bilan ta'minlayotgan tadbirkorlarimizning borligi tahsinga sazovor. Biroq, bu imkoniyatdan noto‘g‘ri foydalanib, o‘z foydasi yo‘lida ish yuritayotgan tadbirkorlarga qanday baho berish mumkin?

Jizzax viloyati, G‘allaorol tumani «sanoat zonasi»da inson hayoti uchun xavfli sanalgan mineral o‘g‘it va fosfor ishlab chiqarish uchun kichik korxona va kimyoviy baza qurilmoqda. Ushbu korxona tumandagi «Samarqand» hamda «G‘afur G‘ulom» MFY hududidagi aholi yashash punktlaridan atigi 200 metr narida joylashgani bizni nihoyatda tashvishlantiryapti.

Biz ushbu kimyoviy o‘g‘it ishlab chiqarish kombinatining inson salomatligi uchun zarari borasida deyarli barcha mutasaddi tashkilotlarga murojaat qildik. Ijobiy natija ko‘rmadik.

Ushbu muammo to‘liq bartaraf etilishida beminnat yordamingizni ayamaysiz degan umidda sizga murojaat qilyapmiz.  Hurmat bilan, G‘allaorol tumani «Samarqand» va «G‘afur G‘ulom» mahalla fuqarolar yig‘ini ahli».

300 kishi imzolagan ushbu murojaatning qisqacha mazmuni shundan iborat edi. Sayt tahririyatiga arznoma yo‘llagan g‘allaorollik yurtdoshlarimiz bilan ularni qiynayotgan muammo yuzasidan uchrashdik.

Sahardan kun qizidi. Quyoshning o‘tkir tig‘iga chidash qiyin. Havo harorati 44 daraja bo‘lishiga qaramasdan, murojaatda keltirilgan G‘allaorol tumani «sanoat zonasi»dagi «G‘allaorol kaliy fosfat» MChJ mineral o‘g‘it, kaliy sulfat ishlab chiqaruvchi korxonasi hovlisida bizni kutib turgan yurtdoshlarimiz (ularning aksariyati keksa kishilar edi ) bilan shikoyat yuzasidan suhbatlashdik.

«Men shu mahallada yashayman, nafaqadaman. Ayni damda tinchgina yashasam bo‘ladi, ammo bunday qilolmayman. Bu kimyoviy baza nega aynan G‘allaorolda qurilyapti? Inson salomatligi uchun o‘ta xavfli hisoblanadigan bu zavod qurilmasligi uchun barcha tegishli tashkilotlarga murojaat qildik. Hech kim dardimizga quloq solmadi. Kelajak avloddan xavotirdamiz. Bu havodan qanday nafas olamiz? Ekin, chorvalarimiz nima bo‘ladi? Buning ustiga, tuman markazidan tortib kelingan gaz quvurlari talab darajasida emas. Eski, foydalanilgan gaz quvurlarini o‘rnatishgan. Agar ular dosh berolmay yorilib ketsa, buning badalini kim to‘laydi? Nega bu korxona aholi punktga yaqin joyda joylashgan? Bizni savollarimizga kimdir javob beradimi?!», — dedi mahalla faoli Asror Shoyzaqov.