O‘zbekistonda tibbiyot xodimlari qancha oylik oladi?
1 oktyabr holatiga, O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash sohasi vakillarining o‘rtacha maoshi 3 mln 300 ming so‘mni tashkil etgan. Bu – mamlakatdagi o‘rtacha oylik ish haqidan 36 foizga kam. Ish haqining kamligi malakali shifokorlarning xorijga chiqib ketishida asosiy omillardan biri bo‘lmoqda.
Qonunchilik palatasining 2025 yilgi davlat budjeti loyihasi ko‘rib chiqilgan 26 noyabr kungi majlisida deputat Qizilgul Qosimova tibbiyot xodimlarining oyliklarini oshirish masalasini ko‘tardi.
Bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorovning aytishicha, hukumat tibbiyot sohasi bo‘yicha “kimga va nima uchun yuqori oylik to‘lash” masalasida bosh qotirmoqda, ammo bu borada aniq reja hali ishlab chiqilmagan.
Xo‘sh, ayni paytda vaziyat qanday?
O‘zbekistonda tibbiyot xodimlari qancha oylik oladi?
Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilning 1 oktyabr holatiga, sog‘liqni saqlash sohasi vakillarining o‘rtacha maoshi 3 mln 300 ming so‘mni tashkil etgan. Bu – mamlakatdagi o‘rtacha oylik ish haqi (5 mln 151 ming so‘m)dan 36 foizga kam.
To‘g‘ri, boshqa tarmoqlarda bo‘lgani kabi tibbiyot sohasi vakillarining ham ish haqi oxirgi yillarda sezilarli oshdi. Masalan, 2020-2024 yillarning mos davri oralig‘ida sog‘liqni saqlash sohasidagi o‘rtacha maoshlar 84 foizga (1 mln 793 ming so‘mdan 3 mln 330 ming so‘mga) ko‘paygan. Ammo boshqa sohalarga nisbatan bu ko‘rsatkich juda ham past. Taqqoslash uchun, ushbu davrda bank va sug‘urta faoliyatida band bo‘lgan xodimlarning oylik maoshi 2,5 barobarga (5 mln 814 ming so‘mdan 14 mln 488 ming so‘mga), axborot va aloqa sohasi vakillarining maoshi esa qariyb 3 barobarga (4 mln 306 ming so‘mdan 12 mln 799 ming so‘mga) ko‘tarilgan.
2024 yilda davlat budjetidan sog‘liqni saqlash tizimiga 33,4 trln so‘m (shundan 26,2 trln so‘mi ish haqi va ijtimoiy soliqlar uchun) yoki yalpi ichki mahsulotning 2,6 foizi miqdorida mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan. 2025 yilda esa tibbiyot sohasiga ajratilayotgan umumiy mablag‘ 41,3 trln so‘mgacha oshiriladi (shundan 30,1 trln so‘mi ish haqi va ijtimoiy soliqlar uchun), ammo YaIMga nisbatan bu miqdor 2,5 foizgacha kamayadi.
Qiyoslash uchun, joriy yilda qo‘shni Qozog‘istonda sog‘liqni saqlash sohasiga 3,4 trln tenge (qariyb 6,8 mlrd dollar) yoki YaIMga nisbatan 2,8 foiz, Rossiyada esa 6,7 trln rubl yoki YaIMga nisbatan 3,7 foiz miqdorida pul ajratilishi ko‘zda tutilgan.
Ushbu mamlakatlarda tibbiyot sohasi xodimlarining oyligi O‘zbekistonga nisbatan bir necha barobarga baland.
Malakali shifokorlar xorijga chiqib ketyapti
Xavfsizlik va sog‘liqni saqlash bo‘yicha mamlakatlardagi holatni o‘rganuvchi International SOS'ning 2023 yilning dekabr oyida e’lon qilgan oxirgi hisobotida O‘zbekiston tibbiyot yo‘nalishida yuqori darajali xavf ostidagi mamlakatlar qatoridan joy olgan. Bunday yomon ko‘rsatkich qayd etilishiga sabablardan biri sifatida maoshlarning kamligini ko‘rsatish mumkin.
Mehnatga yarasha haq to‘lanmaslik ortidan malakali o‘zbek shifokorlarining bir guruhi xorijga chiqib ketgan. Xorijda ishlayotgan o‘zbekistonlik tibbiyot xodimlarining soni 5-10 ming nafarni tashkil etishi mumkin. Bu raqamlar keyingi yillarda ortishi kutilmoqda. Xususan, joriy yilda Buyuk Britaniya va Germaniya kabi mamlakatlar yuqori maosh evaziga O‘zbekistondan tibbiyot xodimlarini ishga jalb qilish bo‘yicha taklif bilan chiqishdi.
Ayni paytda ushbu mamlakatlarga ketish ilinjida til o‘rganayotgan malakali mutaxassislarni ko‘plab uchratish mumkin. Ular qiyin ish sharoitlari, zamonaviy tibbiy jihozlarning yetishmasligi va malaka oshirish imkoniyatlarining cheklanganini aytishadi. Xorijiy mehnat bozorlarida esa bu jihatlar ancha yaxshi.
Rivojlangan mamlakatlarda shifokorning ish haqi qancha?
Alohida ta’kidlash lozimki, shifokorlik dunyo bo‘ylab eng nufuzli va mas’uliyatli kasblardan biri hisoblanadi. Shunga mos ravishda ko‘plab davlatlarda tibbiyot xodimlariga yuqori maosh taklif etiladi.
Shu bilan birga, shifokorlarning maoshi mamlakatning iqtisodiy holati, sog‘liqni saqlash tizimining rivojlangani, malaka talablari va boshqa ko‘plab omillarga bog‘liq.
Soliqlarni hisobga olmaganda, rivojlangan davlatlarda malakali umumiy amaliyot shifokorining yillik maoshi quyidagicha:
- AQSh: 180 – 230 ming dollar;
- Lyuksemburg: 140 – 200 ming dollar;
- Shveytsariya: 200 – 250 ming dollar;
- Germaniya: 100 – 150 ming dollar;
- Avstraliya: 100 – 200 ming dollar;
- Norvegiya: 100 – 180 ming dollar;
- Niderlandiya: 120 – 150 ming dollar;
- Kanada: 100 – 200 ming dollar;
- Daniya: 90 – 160 ming dollar;
- Islandiya: 100 – 150 ming dollar.
Ochiq ma’lumotlar asosida
Doston Ahrorov tayyorladi.
Mavzuga oid
18:33 / 26.11.2024
“Judayam murakkab savol” - Qo‘chqorov tibbiyot xodimlarining maoshi haqida
22:49 / 31.10.2022
O‘zbekistonliklarning o‘rtacha oylik maoshi qancha?
16:59 / 28.08.2022
Gazeta xodimlari oylab maosh olmayapti. Bosh muharrir esa tahririyat hisobidan olingan TrailBlazer’da yuradi
13:14 / 25.08.2022