Namanganning 5 tumanida baliqchilik sohasida o‘nlab loyihalar amalga oshiriladi
Shavkat Mirziyoyev Uchqo‘rg‘on tumani Norin daryosi bo‘yida joylashgan noyob baliq turlarini ishlab chiqarish korxonasi - «DB Group Eco» faoliyati bilan tanishdi.
«Mamlakatimizda uzoq yillar davomida mazkur tarmoqni tizimli va ilmiy yondashuvlarga asoslangan holda rivojlantirishga yetarlicha e'tibor qaratilmadi. Bu baliqchilikning imkoniyatlarini chekladi, xo‘jaliklarda hosil yetishtirish quvvati kamayishiga sabab bo‘ldi. Hozirda baliq yetishtirish nafaqat serdaromad soha, balki uning ijtimoiy ahamiyati katta ekanligi inobatga olinib, bu bilan shug‘ullanayotgan qator tadbirkorlik sub'yektlariga davlat tomonidan subsidiya va imtiyozlar joriy etilmoqda.
Davlatimiz rahbari ushbu sanoat salohiyatini oshirish, aholi taomnomasini baliq mahsulotlari bilan boyitish, sohaga innovatsiyalarni joriy etish, tog‘oldi hududlarda intensiv usulda baliq yetishtirib, eksport hajmini oshirish masalalariga ko‘p marta to‘xtalgan. 2017 yilda «O‘zbekbaliqsanoat» uyushmasi tashkil etildi. Respublikada jami 4000ga yaqin baliqchilik xo‘jaligi faoliyat ko‘rsatmoqda. Yiliga 190 ming tonna inson organizmi uchun foydali mahsulot yetishtirilyapti», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.
Mamlakat hududlarida intensiv usulda baliq parvarishlash korxonalari soni ham ortib bormoqda. Jumladan, 2019 yilda Namangan viloyatida baliq yetishtirish 6 ming 932 tonnani tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilga kelib bu ko‘rsatkich 20 ming tonnaga yetishi kutilmoqda.
2018 yilda prezident Shavkat Mirziyoyevning ushbu viloyatga tashrifi davomida loyiha sifatida taqdimot qilingan «DB Group Eco» korxonasi 2019 yilda o‘z faoliyatini boshladi. Amalga oshirilgan loyiha qiymati 40 milliard so‘m bo‘lib, shundan 28 milliardi bank krediti, 12,5 milliardi esa loyiha tashabbuskori mablag‘idir.
Korxonaning yillik ishlab chiqarish quvvati 1500 tonna baliq mahsulotini tashkil qiladi. Bu yerda Yevropa tajribasiga asoslangan holda baliqning noyob turlari, forel va losos baliqlarini intensiv usulda yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan. Baliq uvildiriqlari va ozuqasi Daniya va Germaniyadan keltiriladi.
Asosan chuchuk va kislorodga to‘yingan suvlarda yashaydigan, sovuqsevar ushbu baliq turlarini yetishtirish uchun korxona hovuzlariga suv Norin daryosining o‘zidan quyiladi va suv aylanma oqim bilan yana daryoning o‘ziga qaytadi. Bunda ortiqcha suv va energiya resursi sarflanmaydi.
Baliq uvildiriqdan to tovar holatiga yetguniga qadar 1-1,5 yil vaqt davomida parvarishlanadi. Korxona tasarrufidagi 5 gektar joyda uvildiriq va chavoqlar yetishtirish uchun yopiq suv havzalari hamda 66ta ochiq hovuzlar barpo etilgan. 100ta ish o‘rni yaratilgan. Korxona to‘liq ishga tushgach, 2000 tonna baliq chavog‘i yetishtirish imkoniga ega bo‘ladi. Ayni vaqtda forel muzlatilgan holda, shuningdek, sovuq va issiq dudlangan, file va kam tuzlangan holatda ichki bozorga chiqarilmoqda.
«Aholi uchun bunday noyob baliq turlari hamyonbop bo‘lishi kerak. Buning uchun esa baliqning ozuqa-yemini ishlab chiqarishni mahalliylashtirish zarur. Tannarx tushsagina bozori chaqqon bo‘ladi, odamlar dasturxoniga baliq yetib boradi, tadbirkor uchun ham foyda ikki hissaga ortadi», dedi davlat rahbari.
Mutaxassislar forelni xonbaliq deb atashadi, u fosfor, omega-3 va omega-6 kabi yog‘ kislotalariga boy. Uning iste'moli insonda qon-tomir va asab kasalliklari, xotira susayishi kabi xastaliklarning oldini oladi. Shu sababdan forel mahsulotlariga nafaqat ichki, balki tashqi bozorda ham talab katta. Korxona yil so‘ngiga qadar Singapur va Rossiyaga 300 tonna baliq eksport qilishni rejalashtirgan.
Prezident bunday korxonalarning qurilish loyihalarida baliq yetishtirishning o‘ziga xos jihatlarini inobatga olib, jiddiy yondashish lozimligini ta'kidladi. Viloyatning Uchqo‘rg‘on, Mingbuloq, Uychi, Pop va Norin tumanlarida 299 milliard so‘m qiymatga ega 75ta yangi loyiha amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Shu yerning o‘zida davlat rahbari viloyatda qishloq xo‘jaligining turli tarmoqlari, xususan, baliqchilik, chorvachilik, parrandachilik, quyonchilik, asalarichilik, echkichilikni rivojlantirish bo‘yicha yangi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.
Masalan, viloyatda 2020 yilda chorvachilik tarmog‘i bo‘yicha 84ta yangi loyiha amalga oshiriladi, go‘sht va sutni qayta ishlash korxonalari tashkil etiladi. Pop tumani azaldan jun yo‘nalishidagi echkichilik bilan shug‘ullanishga ixtisoslashgan.
Davlat rahbari yo‘qolib ketgan shu tajribani qayta tiklash, jun yetishtirish va qayta ishlash bo‘yicha klaster tashkil qilish, Pop va Chust tumanlaridagi 1,500 ming xonadonga 20 mingta qo‘y va echkini shartnoma asosida tarqatish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Parrandachilik yo‘nalishida esa 39ta loyiha amalga oshiriladi, 440ta ish o‘rni yaratiladi. Tijorat banki tomonidan asalarichilik yo‘nalishi bo‘yicha ham 46ta loyiha moliyalashtiriladi.
Davlat rahbari asalarichilikni rivojlantirish bo‘yicha kompleks dastur ishlab chiqish, Namangan shahrida 10 ming tonna eksportbop asal tayyorlash, qadoqlash va sotishga ixtisoslashgan kompleksni ishga tushirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Mavzuga oid
07:34 / 23.12.2024
40 mln so‘mlik pirotexnika buyumlarini sotayotgan shaxslar ushlandi
21:19 / 21.12.2024
Tadbirkor prezidentdan shaxsga doir va bank ma’lumotlarini Cloud'da saqlashga ruxsat berishni so‘radi
20:49 / 21.12.2024
“Tannarxni tushirish – kengayish, hajmni oshirish bilan bo‘ladi” - Zafar Hoshimov
18:40 / 21.12.2024