Jamiyat | 08:20 / 27.09.2023
30434
3 daqiqa o‘qiladi

Organizmda yod tanqisligi og‘ir asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin

Yod mikroelementiga bo‘lgan kunlik ehtiyoj o‘smirlar va kattalarda kuniga 150 mikrogrammni tashkil qiladi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda 665 million nafardan ortiq odam endemik buqoq va qalqonsimon bezning boshqa kasalliklaridan aziyat chekmoqda. Qariyb 1,5 milliard kishida esa yod tanqisligi rivojlanishi xavfi mavjud.

Sog‘liqni saqlash vazirligi bu modda nima uchun muhim ahamiyatga ega ekani haqida tibbiyot fanlari nomzodi Sevara Faxrutdinova izohlarini keltirdi.

— Yod mikroelementini inson organizmi ishlab chiqara olmaydi. Shu sababli uni faqat tashqi muhit orqali qabul qilishi mumkin, dedi shifokor. — Bu modda organizmda qalqonsimon bez gormonlarining normal sintezlanishi uchun kerak. Agar yetarli darajada yod iste’mol qilinmasa, qalqonsimon bez funksiyasi buzilishi kuzatiladi.

Qayd qilinishicha, yod mikroelementiga bo‘lgan kunlik ehtiyoj chaqaloqlarda 50 mikrogramm, 1-6 yoshli bolalarda 90 mikrogramm, 7-10 yoshli o‘g‘il-qizlarda 120 mikrogramm, o‘smirlar va kattalarda 150 mikrogrammni tashkil qiladi. Homiladorlik va emiziklilik davrida esa ayollarning yodga bo‘lgan kunlik talabi 200-300 mikrogrammgacha ortib ketadi.

«Biroq, hozir yurtimizda deyarli barcha aholi vakillari ratsionida mazkur mikroelement tanqisligi kuzatiladi. Vaholanki, buning asoratlari yomon», dedi Faxrutdinova.

Shifokor so‘zlariga ko‘ra, yod tanqisligi aqliy zaiflikning asosiy omili. Bu modda yetishmasligi qalqonsimon bez va ovqat hazm qilish organlari faoliyati bilan bog‘liq turli jiddiy kasalliklarni keltirib chiqaradi. Shuningdek, tirnoqlarning tabaqalanishi, soch to‘kilishi, teri quruqlashuvi, uyquchanlik, charchoq ham organizmda yod taqchilligi alomatlaridan.

«Bu muammo bolalarda endemik buqoq, jismoniy va ruhiy jihatdan rivojlanishdan orqada qolishga sabab bo‘ladi», dedi mutaxassis.

Uning ta’kidlashicha, prezident qarori asosida O‘zbekistonda aholining kasallikka chalinish xavfi yuqori bo‘lgan guruhlari, jumladan, bolalar, o‘smirlar, homilador va emizikli ayollarni yod preparatlari bilan bepul ta’minlash amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, respublikada ishlab chiqarilayotgan va sotilayotgan osh tuzini istisnosiz 100 foiz yodlashtirishni ta’minlash qat’iy nazorat qilib borilyapti.

Mavzuga oid