17:03 / 03.03.2020
0
38485

Iroq va Suriyadan qaytarilgan ayollar bo‘yicha o‘rganish natijalari ma'lum qilindi

«Bu ayollarning shahodatnomasiga qarasak, hammasi qoniqarsiz ta'lim olishgan. O‘z navbatida, hech qayerda ishlashmagan. Juda past darajadagi ta'lim tashqi ta'sirlarga qarshi kuchsiz immunitetni shakllantirgan».

Bugun, 3 mart kuni Toshkent shahridagi Hilton mehmonxonasida «Suriya va Iroqdan qaytarib olib kelinganlarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish bo‘yicha Markaziy Osiyo muloqoti: O‘zbekiston tajribasi» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.

Unda «Mehr-1» va «Mehr-2» operatsiyalari davomida vatanga qaytarilganlarning reabilitatsiyasi bilan shug‘ullangan mutaxassislar so‘z oldi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Prezident huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti vakili, professor Baxtiyor Bobojonov o‘zbek ayollarining Iroq va Suriyaga ketgani sabablari haqida to‘xtaldi.

Baxtiyor Bobojonov

«Tadqiqotchi sifatida bir jihat meni qiziqtiradi: ayollar nima sababdan vatanni tark etib, urush o‘chog‘i bo‘lmish Suriya tomon yo‘l olishdi? Bunday tub burilish qilishga nima ularni undagan?

Taxminiy hisob-kitoblarimizga ko‘ra, repatriantlarning 10 foizi Suriyaga 2016-2017 yillarda ketgan. O‘sha paytlarda urush bo‘layotgandi. Demak, shuni bila turib, ularda jiddiy qaror qilishga muhim asos bo‘lgan.

Xalqaro forumlarda eshitib qolaman: ayollarning Suriyaga ketishiga go‘yoki ijtimoiy-iqtisodiy muammolar sabab bo‘lgan. Ijtimoiy liftlar, diniy amallarni bajarishga yetarli sharoit mavjud emasligini ham aytishadi. Bizning natijalarimizga ko‘ra, bu sabablar bor. Lekin ular asosiysi emas.

Suriya va Iroqdan qaytib kelgan ayollar bilan suhbatlashganimizda, ularga «baxtli xalifalik» g‘oyasi singdirilgan. Ularning hikoya qilishicha, ayollar va bolalarni bomba ostiga tashlashgan, necha kunlab och-nahorlikda ushlab turishgan, bolalarni xo‘rlashgacha borishgan.

O‘rganish natijalari bilan tanishtiraman: ayollar turmush o‘rtog‘i, akasi, otasi yoki yaqin qarindoshi ortidan Suriyaga chiqib ketishgan. Ba'zilar butun oilasi bilan vatanni tark etishgan.

Eng katta sabab – ularning bilimsizligidir. Ayollarning shahodatnomasiga qarasak, hammasi qoniqarsiz ta'lim olishgan. O‘z navbatida, hech qayerda ishlashmagan. Oilada erkaklarning buyrug‘ini so‘zsiz bajarishgan.

Fikrimcha, juda past darajadagi ta'lim tashqi ta'sirlarga qarshi kuchsiz immunitetni shakllantirgan. Natijada, ular real hayotdan butunlay uzilgan bo‘lib, urushni afsonaga o‘xshatishgan. Ularda haqiqiy vaziyatni xolis baholay olish ko‘nikmasi bo‘lmagan. Hech qaysinisi hattoki borayotgan davlatining milliy valutasini bilmaydi», – dedi Bobojonov.

Eslatib o‘tamiz, «Mehr» operatsiyasi birinchi marta 2019 yil 30 mayida o‘tkazilgan, unda 107 nafar bola va 48 nafar ayol Suriya va Iroqdan vatanga qaytarilgan edi. 10 oktyabrda esa 64 nafar bola Iroqdan olib kelindi.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top