O‘zbekiston | 08:50 / 22.08.2024
2102
2 daqiqa o‘qiladi

Yer uchastkalarining yagona klassifikatori joriy etiladi

2025 yildan O‘zbekistonda yer uchastkalari va kapital qurilish loyihalari yagona klassifikatorini joriy etish rejalashtirilmoqda. 

Foto: Kun.uz

2025 yil 1 yanvardan O‘zbekistonda yer uchastkalari va kapital qurilish obektlarining yagona klassifikatori joriy etiladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev 20 avgust kuni Nukus shahrida tadbirkorlar bilan muloqotda ma’lum qildi.

Qishloq va noqishloq joylarda yer fondi doirasida bir faoliyatdan boshqasiga o‘zgartirish tartibi aniq belgilanmagan. Masalan, bog‘ o‘rnida issiqxona qilaman, degan tadbirkor ishni nimadan boshlashni, kimga murojaat qilishni bilmaydi. Yoki tadbirkor o‘z bog‘ida tomchilatib sug‘orish uchun hovuz, kichik sig‘imli saralash va saqlash omborini qura olmaydi.

Shu bois har bir yer uchastkasi uchun asosiy faoliyat turini qaysilariga almashtirish mumkinligi, qanday yordamchi inshootlarni joylashtira olishi aniq belgilab berilishi reja qilinmoqda.

Shu maqsadda 1 yanvardan boshlab yer uchastkalari va kapital qurilish obektlarining yagona klassifikatori joriy etiladi. Shu tariqa, yil davomida tadbirkorlar o‘z tomorqasiga 800 milliard so‘m sarmoya kiritishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, chorvachilik, baliqchilik, asalarichilik, pilla yetishtirish, shuningdek, meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash korxonalari uchun ular joylashgan bino va inshootlar ostidagi yerlar uchun yer solig‘i endilikda sanoat toifasi stavkasi bo‘yicha hisoblab chiqiladi.

Klassifikator joriy etilgandan so‘ng ular qishloq xo‘jaligi yerlaridagi kabi yer solig‘ini to‘lashga ham o‘tadi.

Mavzuga oid