Jahon | 19:27 / 30.11.2022
7903
3 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston TIV: «Uchtomonlama gaz ittifoqi» haqidagi qaror hali qabul qilinmadi

Qozog‘iston TIV xabariga ko‘ra, Qozog‘iston, Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida «uchtomonlama gaz ittifoqi» haqidagi qaror hali qabul qilinmadi. Shuningdek, Qozog‘iston bunday ittifoq orqali aksilrossiya sanksiyalarni chetlab o‘tishda ishtirok etmaydi.

Foto: RIA Novosti

Prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev Kremldagi muzokaralarda taklif qilingan Qozog‘iston, Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi «uchtomonlama gaz ittifoqi» g‘oyasini diqqat bilan o‘rganib chiqadi. Bunday ittifoqni tashkil etish bo‘yicha hali qaror qabul qilingani yo‘q, dedi Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Roman Vasilenko.

«Davlat rahbari g‘oyani sinchiklab o‘rganib chiqishi haqida aytildi. Bu hozircha faqat taklif. Diplomatiyada ko‘plab fikrlar, takliflar aytiladi, shuning uchun ular mutaxassislarning diqqat e’tiboriga loyiqdir. Qaror qabul qilinishidan oldin, davlat rahbari aytganidek, bu taklif o‘rganib chiqiladi», dedi Roman Vasilenko.

Shu bilan birga, diplomatning qayd etishicha, Rossiya bilan «gaz ittifoqi» tashkil qilinishi Qozog‘iston uchun hech qanday qiyinchilik tug‘dirmasligi va mamlakatning aksilrossiya sanksiyalarini chetlab o‘tishda bevosita yoki bilvosita ishtirok etishiga olib kelmasligi kerak.

Qozog‘iston xalqaro muammolarni hal qilish usuli sifatida sanksiyalar qo‘llanishiga qarshi, ammo ularga og‘ishmasdan rioya qildi.

«Qozog‘iston o‘z hududidan sanksiyalarni chetlab o‘tish uchun foydalanishga ruxsat bermaydi. Ushbu mojaroning dastlabki kunlaridanoq biz hukumatda komissiya tuzdik, uning vazifasi vaziyatning Qozog‘iston iqtisodiyotiga salbiy ta’sirining oldini olish va Qozog‘iston hududidan sanksiyalarni chetlab o‘tish uchun foydalanishga yo‘l qo‘ymaslikdir. Bu pozitsiyalar o‘zgarmaydi, ular har qanday potensial tashabbuslarni baholashda qo‘llanadi», — dedi Roman Vasilenko.

Avvalroq Qozog‘iston Respublikasi prezidenti matbuot kotibi Ruslan Jyeldibay Qozog‘iston, O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida «uchtomonlama gaz ittifoqi»ni yaratish g‘oyasi batafsil muzokaralar chog‘ida uchta davlat ekspertlari tomonidan muhokama etilishini ma’lum qilgandi.

Rossiya gazini Qozog‘iston va O‘zbekiston hududlari orqali tashish bo‘yicha harakatlarni muvofiqlashtirish maqsadida ittifoq tuzish g‘oyasi Rossiya Federatsiyasi hukumati tomonidan ilgari surilgan.

Mavzuga oid