O‘zbekiston | 12:26 / 02.05.2016
16813
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent tramvayi tarixga aylandi

2 may kuni Toshkentda so‘nggi, 17-tramvay yo‘nalishida harakat to‘xtadi. «Beshqayrag‘och» dahasi va Ippodrom o‘rtasida qatnovchi bu yo‘nalish yopilishi orqali Toshkent tramvayi butunlay tarixga aylandi.

«Gazeta.uz» nashrining «Toshkent tramvayi» kompaniyasi tasdig‘iga asoslanib xabar berishicha O‘zbekiston poytaxtida tramvay harakati butunlay to‘xtatildi.

2 may kuni ertalab tramvaylar qatnovga chiqqan, ammo vagonlardan biri relsdan chiqib ketgach, barcha haydovchilar depoga qaytish haqida ko‘rsatma olgan. Vagonlardan birining qaysi hududda relsdan chiqib ketganiga aniqlik kiritilmagan.

Xabarda keltirilishicha, soat 9:10da depoga so‘nggi vagon kirgan va Toshkent tramvayining 115 yillik tarixiga nuqta qo‘yilgan.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahri hokimiyati Toshkent shahridagi 6ta tramvay yo‘nalishlari faoliyati to‘xtatilishi haqida mart oyi oxirida ma'lum qilgandi.

12 aprel kuni Toshkent shahrida №12 yo‘nalishi («Beshqayrog‘och» dahasidan «Beruniy» metrosigacha) va №26 yo‘nalishi («Qo‘yliq-6» dan «Toshkent» vokzaligacha) bo‘yicha harakatlanadigan tramvaylar harakati to‘xtatildi.

22 apreldan esa Toshkent shahridagi 9- va 13-tramvay yo‘nalishlarining ishi butunlay to‘xtatildi.

24 aprel, yakshanba kunidan e'tiboran Toshkentda 8-raqamli travmay yo‘nalishida («Beshqayrag‘och» dahasi — Oqtepa maydoni) qatnov to‘xtadi.

Shu oydan boshlab tramvaylar harakatlangan yo‘nalishlarda mos ravishda T8, T9, T13 kabi avtobuslar harakati yo‘lga qo‘yildi. Bu yo‘nalishlarda Isuzu avtobuslaridan foydalanilmoqda. Sentyabr oyi oxirigacha shahar hokimiyati 80ta shunday avtobuslar sotib olib, har bir yo‘nalishga 10tadan 18tagacha avtoulov qo‘yishni rejalashtirgan.

«Xayr, tramvay. Balki vaqti kelib qaytarsan, lekin baribir - xayr»

Mavzuga oid