O‘zbekiston | 15:30 / 17.05.2024
13628
2 daqiqa o‘qiladi

Xodimlarini so‘kkan Farg‘ona viloyati kadastr boshlig‘iga hayfsan berildi

Xodimlarini kurakda turmaydigan so‘zlar bilan haqorat qilgan Farg‘ona viloyati kadastr boshqarmasi boshlig‘i Nodir Mashrapov hayfsan oldi. U 3 may kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda asablarini jilovlay olmagan.

Kun.uz’da Farg‘ona viloyati kadastr boshqarmasi boshlig‘i Nodir Mashrapovning xodimlarini kurakda turmaydigan so‘zlar bilan haqorat qilgani aks etgan videolavha xabar qilib berilgandi.

Kadastr agentligining izoh berishicha, boshqarma boshlig‘iga nojo‘ya so‘zlarni ishlatgani uchun hayfsan intizomiy jazosi qo‘llangan hamda tushuntirish ishlari olib borilgan.

«Ushbu holat joriy yil 3 may kuni Kadastr agentligi Farg‘ona viloyati boshqarmasi hamda bo‘lim boshliqlari ishtirokida hududda yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallash va ulardan noqonuniy foydalanish holatlarini aniqlash, bartaraf etish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosi bajarilishi hamda yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan yuborilgan murojaatlarni o‘z vaqtida sifatli ko‘rib chiqish bo‘yicha o‘tkazilgan tahliliy, tanqidiy yig‘ilish jarayonida sodir bo‘lgan.

Boshqarma boshlig‘i yig‘ilish davomida xodimlar tomonidan yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni tahlil qilish vaqtida asablarini jilovlay olmagan.

Agentlik tomonidan boshqarma boshlig‘iga nojo‘ya so‘zlarni ishlatgani uchun «hayfsan» intizomiy jazo chorasi qo‘llandi hamda tushuntirish ishlari olib borildi.

Bunday holatlarning oldini olish va bu kabi xatoga yo‘l qo‘yilmaslik yuzasidan tizimdagi barcha tashkilot va hududiy boshqarmalar boshliqlari hamda ularning o‘rinbosarlari bilan tushuntirish ishlari olib borildi», deyiladi rasmiy munosabatda.

Mavzuga oid