O‘zbekiston | 19:30 / 27.07.2019
119504
3 daqiqa o‘qiladi

Yakkabog‘ tumani hokimi ishdan olindi, Tuymayevga nisbatan jinoyat ishi ochildi

Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumani hokimi Shohmurod Xolboyevich Donayev lavozimidan ozod etildi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi xabariga ko‘ra, Bosh vazir Abdulla Aripov raisligida snos masalasida o‘tkazilgan yig‘ilishda Yakkabog‘ tumani hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Mansur Tuymayev tadbirkor Bahriddin Isomovga tegishli ikki qavatli savdo va maishiy xizmat uyini noqonuniy ravishda buzishga bo‘lgan xatti-harakati o‘rnatilgan tartibda o‘rganib chiqildi.

O‘rganish xulosalariga ko‘ra, tuman hokimi Shohmurod Donayev hamda prokurori Jamshid Xalilov egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

Tuman hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Mansur Tuymayev Xurramovich o‘z vakolatiga kirmaydigan xatti-harakatlarni amalga oshirgani sababli unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli bandlari asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 20 iyul kuni Yakkabog‘ tumani hokimi o‘rinbosari Mansur Tuymayev tadbirkor Bahriddin Isomovga tegishli binoni ekskavator ruliga o‘tirib, o‘zi buzmoqchi bo‘lganida, tadbirkor uning ustiga benzin sepib, yoqib yuborgan edi.

Saytimizda avvalroq Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanidagi Eski Yakkabog‘ qo‘rg‘onchasida «Obod qishloq» dasturi bo‘yicha olib borilayotgan ishlar va noturarjoy imoratlarining buzilishi va unga tadbirkorlar tomonidan bo‘layotgan keskin norozilik bo‘yicha surishtiruv va tahliliy maqolalar e'lon qilingan edi.

Bugun, 27 iyul kuni Qashqadaryo viloyati hokimi Zafar Ro‘ziyev bo‘layotgan voqealar bilan yaqindan tanishish va mavjud muammolarni hal etish maqsadida Yakkabog‘ tumaniga kelib, «Eski Yakkabog‘» qo‘rg‘onchasiga tashrif buyurgan va bir guruh tadbirkorlar bilan uchrashgan, ularning muammo va murojaatlarini tinglagan, yakunda tadbirkorning do‘koni buzilmaydigan, moddiy zarar qoplanadigan bo‘lgandi.

Mavzuga oid